Samarqand viloyati Tadbirkorlar jamoatchilik maslahat kengashi a’zolarining navbatdagi uchrashuvi Zarmed universitetida bo‘lib o‘tdi.
Odatda kengashning bunday tadbirlari tadbirkorlik sub’ektlarida tashkil etilib, asosan, ishbilarmonlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, a’zolar bir-biri bilan tajriba almashardi. Bu gal esa mutaxassislar tayyorlash, ilm va amaliyotni uyg‘unlashtirish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida ilmiy yangilik va ishlanmalarni joriy etish masalalari muhokama etildi. Shu bois kengash yig‘ilishiga viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, iqtisodchilar ham taklif etildi.

Rektor va prorektorlar o‘zlari boshchilik qilayotgan muassasada keyingi yillarda yaratilgan innovatsion ishlanmalar, ilmiy loyihalar haqida ma’lumot berdi. Yangi loyihalarning afzalliklari, muhimi, odamlar uchun qulayligi va tadbirkorga daromad keltirishi aniq misollar bilan tushuntirildi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayevning ta’kidlashicha, universitetda shu paytgacha 27 ta loyiha ishlab chiqilgan. Hozir 4 ta innovatsion loyiha tasdiqlash bosqichida bo‘lsa, 5 ta startap va 5 ta tijoratlashtirilgan loyihalar mavjud.

– Ilmiy ishlanma va loyihalarimiz bugungi kun talabidan kelib chiqib tayyorlanayotgani bois 11 ta loyihamiz moliyalashtirildi, – dedi J.Rizayev. – Ayni paytda yana o‘nta yangi dori vositasi bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Ular ham muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga ishonamiz. Umuman, bu kabi loyihalar universitet uchun, tadqiqotchi uchun manfaat keltiradi. O‘z navbatida uni ishlab chiqarish jarayonida qo‘llagan tadbirkor, korxonalar ham foyda ko‘rishi tabiiy. Shu sababli kelgusida ilmiy- tadqiqot faoliyatini yanada kengaytirishni rejalashtirganmiz. Bu borada tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorlik qilishga ham tayyormiz.

Uchrashuvda ishtirok etgan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ilm va biznes vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan ikki tomon bilan birga jamiyat, davlat ham manfaat ko‘rishini ta’kidladi.
– Davlatimiz rahbari bejiz ilm-fanga bunchalik katta e’tibor qaratmayapti, – dedi E.Turdimov. – Bugungi shiddatkor zamonda bilimga asoslangan iqtisodiyot orqali mamlakat taraqqiyotiga erishish, xalqaro miqyosda raqobatbardosh bo‘lish mumkin. Yaratilayotgan ilmiy ishlanmalar, tadqiqotlar amaliyot bilan uzviy bog‘liq bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, bugun tadbirkorlik sohasida ham ilmli mutaxassislarning o‘rni oshib borayotganini unutmaslik lozim.

Viloyat hokimi Tadbirkorlar maslahat kengashining bu kabi uchrashuv va yig‘ilishlarini bundan buyon oliy ta’lim muassasalarida ham olimlar va yosh tadqiqotchilar ishtirokida o‘tkazishni taklif qildi. Bu tashabbus kengash a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.


– Ma’lum bir soha, yo‘nalishda ilmiy- tadqiqot olib borayotgan, innovatsion ishlanma yaratayotgan tadqiqotchiga ilmiy izlanishlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishi uchun o‘z korxonalarimizda sharoit yaratib berishga tayyormiz, – deydi “SIYOB GROUP COMPANIES” xoldingi rahbari Baxtiyor Ma’rupov. – Bu orqali biz ham o‘sha loyihaning asosli bo‘lishiga hissa qo‘shamiz. Qolaversa, uni o‘zimiz sotib olishimiz, korxonalarimizda amaliyotga joriy etishimiz mumkin bo‘ladi.
Uchrashuv davomida Xitoy Xalq Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan samarqandlik talabalarni qo‘llab-quvvatlash loyihasi ham ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri