Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlar muammosi prokuror nazoratida
12:19 / 2022-02-24

Do‘stlik tumanida Jizzax viloyati prokurori mahalliy tadbirkorlar uchun sayyor qabul o‘tkazdi.

Viloyat prokurori Islomjon Ergashxodjayev mamlakatimizda qulay tadbirkorlik muhitini yaratish, tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani haqida to‘xtaldi. Tuman hokimi yordamchisi va yoshlar yetakchilari tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi turmush darajasini oshirish, kambag‘allikni tugatishda fidoyilik ko‘rsatayotganini qayd etdi. Sayyor qabuldan ko‘zlangan asosiy maqsad, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish, ular tomonidan ko‘tarilgan masalalarga imkon qadar yechim topish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga amaliy yordam ko‘rsatishdan iborat ekanini ta’kidladi.

Qabulda tadbirkorlarning murojaatlari tinglanib, 2 nafar tadbirkor tomonidan ko‘tarilgan murojaat shu joyning o‘zida hal etildi, qolgan murojaatlar bo‘yicha mutasaddi tashkilot rahbarlariga aniq vazifalar va muddat belgilandi. Uchrashuvda 3 nafar mahalla fuqarolar yig‘ini raislariga tadbirkorlikni rivojlantirish uchun inkubatsiya uskunasi va hududdagi 7 nafar ehtiyojmand ayolga o‘z-o‘zini band qilishi uchun tikuv mashinalari topshirildi.

Viloyat prokurori tomonidan mazkur tumanda Prezidentimizning 2021 yil 23 noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan yana bir yig‘ilish tanqidiy, tahliliy ruhda o‘tdi. Unda dehqon xo‘jaliklari uchun 10 sotixdan – 1 gektargacha bo‘lgan yerlarni auksion orqali sotishni tashkil etish, yuzaga kelayotgan xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat) O‘zA