Jizzax viloyati hokimligida Prezidentimizning joriy yil 20 avgust kuni mamlakatimiz tadbirkorlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotidan kelib chiqadigan vazifalarga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tadbirkorlarning erkin faoliyat ko‘rsatishi uchun yaratiladigan sharoit va muhit, ularga beriladigan bank kreditlari, yerlarni xususiy mulk sifatida sotish va soliq sohasidagi imtiyozlar xususida atroflicha ma’lumot berildi.
Mamlakatimizda barcha sohalarda olib borilgan islohotlar samarasida yalpi hududiy mahsulot hajmi 2017 yilda 9,7 trillion so‘mdan 2020 yil yakunlari bilan 18,1 trillion so‘mga yoki 2017 yilga nisbatan 1,2 barobarga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 1,5 barobarga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish 1,1 barobarga, xizmat ko‘rsatish hajmi 1,5 barobarga, asosiy vositalarga investitsiyalar hajmi 5 barobarga, qurilish ishlari hajmi 1,9 barobarga va shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 9,5 barobarga o‘sishga erishildi.
[gallery-3614]
2017 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan jami 16,8 trillion so‘mlik mahsulotlar va xizmatlar taqdim etilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2020 yilda 31,9 trillion so‘mni tashkil etdi. bugungi kunga kelib kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 82,7 foiz, sanoatda 64,2 foiz, qurilishda 96,3 foiz, aholi bandligini ta’minlashda 79 foizni tashkil etdi.
2017 yil boshida kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlari soni viloyat bo‘yicha 9 ming 65 tani va ular tomonidan yaratilgan ish o‘rinlari soni 48 ming 276 tani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning 1 yanvar holatiga 18 ming 661 taga yetgan kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlarida 74 ming 223 ta yangi ish o‘rni tashkil etilgan.
– Ochiq muloqotda tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni hal qilishda ko‘rsatib o‘tilgan 7 ta muhim yo‘nalish ishimizda dasturilamal bo‘lishi shart, – dedi Jizzax viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Abduvali Mustanov. – Birinchi yo‘nalish – biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari, ikkinchi yo‘nalish – soliq tizimini takomillashtirish, biznesga soliq yukini imkon qadar kamaytirish, uchinchi yo‘nalish – yer ajratish, to‘rtinchi yo‘nalish – qiymati 200 milliard so‘mga teng loyihalar va sanoat zonalariga infratuzilma yetkazib berish, beshinchi yo‘nalish – eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, kichik biznesni eksport faoliyatiga keng jalb qilish, oltinchi yo‘nalish – transport-logistika masalalari va yettinchi yo‘nalish – tadbirkorlikka oid tartib-taomillarni soddalashtirishdan iborat. Ana shu yo‘nalishlarning izchilligini ta’minlash bugun oldimizda turgan eng dolzarb masalalardan biri.
Anjumanda ishtirok etgan har bir tadbirkorning muammolari tinglandi, murojaatlariga yechim izlandi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA