Navbahor tumanidagi Barkamol avlod markazi binosida Markaziy bank Navoiy viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Pardayev hamda Navbahor tumani hokimi Azamat O‘roqov ishtirokida kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sayyor uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda asosiy e’tibor hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, biznesni yuritish uchun qulay muhit yaratish, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratildi.
Dastlab bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar, yaratilgan imkoniyatlar, sohada erishilayotgan yutuqlar, tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirishga oid qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi. Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tomonidan tadbirkorlar uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida ma’lumotlar berildi.
[gallery-22845]
– Biz hamisha halol va vijdonli, o‘z kasbini sevadigan, mehnati ortidan rohatlanadigan, yangi ish o‘rni yaratishni maqsad qilgan va yurt taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan yashayotgan tadbirkorlarga ko‘makchimiz. “Bank mijoz uchun” tamoyilining asosiy maqsadi ham shunga qaratilgan, – deydi Markaziy bank Navoiy viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Pardayev.
Sayyor uchrashuvda 40 ga yaqin kichik va o‘rta biznes vakillari kredit ajratish, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish, mikromoliya xizmatlaridan foydalanish va boshqa bir qator iqtisodiy masalalar bilan bog‘liq 60 ga yaqin takliflarini bildirib, murojaatlar qildi. Ularning barchasi nazoratga olindi hamda hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Muddat va o‘rganish talab etadigan murojaatlar yuzasidan esa mas’ullarga qat’iy topshiriqlar berildi.
Qayd etish kerakki, Markaziy bank Navoiy viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘ining kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sayyor uchrashuvlari tasdiqlangan reja-jadval asosida barcha tuman-shaharlarda bo‘lib o‘tadi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov, O‘zA muxbirlari