Iqtisodiyotning rivojlanishi, ishlab chiqarish va eksport imkoniyatlarining oshishi hududlarda tadbirkorlik tashabbuslarining qo‘llab - quvvatlanishi, ular faoliyatidagi muammolarning oqilona hal etilishiga bog‘liq.
Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov ham tadbirkorlar bilan doimiy muloqotda bo‘lib, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Urganch shahridagi IT - park binosida tashkil qilingan navbatdagi uchrashuvda ham tadbirkorlarning murojaatlari tinglandi.
– Bugungi kunda tadbirkorlar bilan o‘tkazilayotgan har bir ochiq muloqot mamlakatimizdagi tizimli islohotlar sari yana bir qadam deyish mumkin, – dedi J.Rahimov. – Xabaringiz bor, muhtaram prezidentimiz har yili tadbirkorlar bilan o‘tkazadigan ochiq muloqoti mamlakatimizda biznes muhitini yaxshilash, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, eng asosiysi, amaldagi muammolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri eshitish va tahlil asosida islohotlarni amalga oshirish uchun muhim platformaga aylangan. Bugungi tadbir ham davlat rahbarining shu yil avgust oyida tashkil etiladigan tadbirkorlar bilan uchrashuviga tayyorgarlik jarayonidir.
Uchrashuvda nafaqat mavjud muammolar muhokama qilindi, balki ularga samarali yechimlar ham taklif etildi.
[gallery-24398]
– Men viloyatning eng chekka hududi, Gurlan tumanining “Xizir eli” qishlog‘ida to‘yxona, mehmonxona va xususiy maktab qurishni rejalashtirganman, – deydi tadbirkor Mahmud Yo‘ldoshev. – Bu ishlarni amalga oshirish uchun yer maydonim ham bor. Faqatgina mablag‘ masalasida qiyinchiliklarga duch kelib qoldik. Viloyat hokimiga bergan takliflarim ma’qul bo‘ldi. Mutasaddilarga belgilangan tartibda kredit ajratilishi bo‘yicha topshiriqlar berildi. Davlatimiz rahbarining oqilona siyosati bilan tadbirkorlar endilikda mana shunday tadbirlarda o‘z muammolarini hal etmoqda. Buning uchun rahbarlarimizga minnatdorlik bildiraman.
Uchrashuv viloyatda sohalar bo‘yicha real holatni o‘rganish, tadbirkorlar fikrini olish, biznes faoliyatlarini yanada rivojlantirish yuzasidan takliflari, muammolari bo‘lsa, tegishli soha mas’ullarini jalb qilgan holda o‘rganib, amaliy yordam berishga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Ayrim masalalar joyida ijobiy hal etildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari