Toshkent viloyatida investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Bosh prokuror o‘rinbosari D.Kasimov, Bosh vazir o‘rinbosari J.Xodjayev hamda Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimlari bilan birgalikda o‘tkazilgan ushbu yig‘ilishda mavjud bo‘lgan 48 nafar tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etib, ularning 32 ta muammolari mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida muhokama qilindi.

Natijalarga ko‘ra, 6 nafar tadbirkorlarning muammolari joyida hal etilishi ta’minlandi, muayyan vaqt va qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan masalalarni hal etish yuzasidan muddatlari va mas’ullari aniq ko‘rsatilgan “Chora-tadbirlar dasturi” ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.
Shuningdek, viloyatda joriy yilda xorijiy investitsiyalar ishtirokida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari ijrosi, shu jumladan, Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan yangidan boshlanadigan loyihalar va ularni ishga tushirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar mahalliy hokimlik hamda tashabbuskor tarmoq rahbarlarining bevosita ishtirokida muhokama qilindi.

Tadbirda ushbu loyihalarni amalga oshirishda ishlarni yanada jadallashtirish, prognoz ko‘rsatkichlarni belgilangan muddatlarda bajarilishini ta’minlash, loyihalarni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammoli masalalarni tez fursatlarda ijobiy hal etish borasida mutasaddilarga topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.

A.Musayev, O‘zA.