“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev jizzaxlik tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Tadbirda biznes vakillarining taklif va tashabbuslari tinglandi. Tadbirkorlar faoliyatida duch kelayotgan muammolarga imkon qadar joyida qonuniy yechim topildi.
Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev tadbirkorlar va ularga ko‘rsatilayotgan soliq xizmatlari sifati bilan tanishib, ishbilarmonlar faoliyati davomida duch kelayotgan muammolarni hal etishga ko‘maklashish maqsadida respublikamizning barcha hududlarida tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib kelmoqda. Bu galgi uchrashuvda Jizzax viloyati tadbirkorlari muammolari tinglandi. Uchrashuvda tadbirkorlarning muammolarini hal etishga alohida e’tibor qaratildi.
Jizzax viloyatida ham so‘nggi yillarda sanoat, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida 22 mingga yaqin kichik va o‘rta biznes vakillari faoliyat yuritmoqda. Uchrashuvda tadbirkorlar tomonidan bildirilgan soliq qarzdorligi va soliq tekshiruvlari natijasida qo‘llanilgan moliyaviy jarimani yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash, eski davrlar uchun xato yuborilgan elektron hisob-fakturalar va onlayn nazorat kassa mashinalari cheklarini tuzatish, ortiqcha soliq to‘lovlar amalga oshirilgani, soliq imtiyozlari hisobini yuritish maqsadida ishlab chiqilgan “E-imtiyoz” dasturidan foydalanish bilan bog‘liq murojaatlar ijobiy hal etildi. Ayrim masalalarni tizimli hal etish bo‘yicha soliq organlari mutasaddilariga aniq topshiriqlar berildi.
[gallery-9682]
– Menga tanish bir tadbirkor yaqinda pensiyaga chiqdi, – deydi yakka tartibdagi tadbirkor Odil Hamroyev. – Unga bor yo‘g‘i 750 ming so‘m pensiya tayinlandi. Men 1997 yildan buyon yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelaman. Yana 5-6 yildan so‘ng pensiyaga chiqaman. Demak menga ham shu miqdorda pensiya tayinlansa kerak, bu juda kam emasmi? YATTlarga pensiya tayinlash qoidalarini qayta ko‘rib chiqish taklifini kiritdim. Sherzod Kudbiyev ushbu taklifimni mutasaddi vazirliklarga jo‘natishini, xudo xohlasa ushbu masala ijobiy hal etilishini ta’kidladi.
E’tiborlisi, ushbu muloqot davomida Jizzax viloyati biznes vakillari faoliyatida duch kelayotgan soliq tizimiga oid masalalarning 75 foizi shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. 15 foiz murojaatchilarga ko‘targan masalalari yuzasidan soliq qonunchiligi bo‘yicha batafsil tushuncha va maslahatlar berildi, takliflari yozib olindi hamda mutasaddi idoralarga taqdim etilishi aytildi. 2 foiz murojaatchi tomonidan ko‘tarilgan masalada esa ularning o‘zlari aybdor ekanligi aniq fakt va raqamlar orqali shu joyning o‘zida isbotlab berildi. Qolgan masalalar yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasi vakillariga, Jizzaxda xizmat safarini davom ettirib, masala ijobiy hal etilgandan keyin Toshkentga qaytishlari mumkinligi yuzasidan aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Kunning ikkinchi yarmida Davlat soliq qo‘mitasi raisi Jizzax viloyati soliq xizmati xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA