Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bularning barchasi iqtisodiyotimiz rivoji, xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi.
Ayniqsa, Prezidentimizning har yili tadbirkorlar bilan o‘tkaziladigan ochiq muloqoti doirasida kichik biznes egalarining qonuniy manfaatlarini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor berib kelinmoqda. Qayd etish darkor, tadbirkorlik sub’ektlarining muammolari bilan shug‘ullanish, ularga zarur imkoniyatlarni ta’minlab berishda nazorat qiluvchi organlarning ham o‘z o‘rni bor.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Namangan viloyati boshqarmasi hamda uning tuman bo‘limlari tomonidan ishbilarmonlarning huquqlarini himoya qilishga ustuvor vazifa sifatida alohida ahamiyat qaratiladi. Xususan, yakunlanayotgan 2025 yil davomida viloyatda yog‘-moy ishlab chiqarishni tashkil etish istagida bo‘lgan to‘rtta tadbirkorlik sub’ektiga zarur ruxsatnoma beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Natijada, viloyatdagi ishlab chiqaruvchilar soni ortishi bilan birga qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga ko‘maklashildi.
Davlatimiz rahbarining 2025 yilning 17 yanvardagi “Paxta xom ashyosini yetishtirish va sotishda bozor mexanizmlarini qo‘llashni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida paxtachilik sohasidagi bozor mexanizmlarini takomillashtirish, paxta yetishtiruvchilarni moddiy manfaatdorligini oshirish bo‘yicha qator yangiliklar joriy etildi.
Mazkur hujjat asosida yaratilgan imkoniyatlardan foydalanish uchun inspeksiyaning Namangan viloyati boshqarmasi hududlarda uchta yangi paxta ishlab chiqaruvchi kooperatsiya tashkil qilish, ikkita paxta qabul qilish maskani faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun ko‘mak so‘rab murojaat qilgan tadbirkorlarga belgilangan qisqa muddatda amaliy yordam ko‘rsatildi. Buning samarasi o‘laroq, paxta yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti rivojlanmoqda.
– Inspeksiyamiz xodimlari tomonidan joriy yilning 1 yanvaridan boshlab tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida amalga oshirib kelinmoqda, – deydi “O‘zagroinspeksiya” Namangan viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi Ibrohim Vahobov. – Shu boisdan ham tekshiriladigan tadbirkorlik sub’ekti aniq bo‘lmagan hollarda, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i, jamoat xavfsizligi, davlat manfaatlari, atrof-muhitga zarar yetkazish xavfining tezkor oldini olish yoki bartaraf etish maqsadida tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar boshlangandan so‘ng 24 soat ichida axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali voqif qilingan holda olib borilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.