O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Biznes-ombudsman devoni bosh inspektori Alibek Karimov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.
Brifingda Prezidentimizning 2021 yil 8 iyundagi «Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi yuzasidan Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, Biznes-ombudsmanga poytaxtimiz bo‘yicha 400 dan ziyod murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularning 380 tasi ko‘rib chiqilgan. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 92 tasi vakolatli organlarga taalluqliligi bo‘yicha yuborilgan, 120 tasi qanoatlantirilgan, 168 ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Masalan, joriy yilning aprel oyida tadbirkor Toshkent shahar hokimligi tomonidan buzilgan ob’ekti uchun konpensatsiya to‘lab berilmayotganligidan norozi bo‘lib murojaat qildi. Mazkur murojaatni o‘rganish natijasiga ko‘ra sudga da’vo ariza kiritildi va sud qaroriga asosan Toshkent shahar hokimligidan tadbirkor foydasiga 4 milliard so‘m undirilishi belgilandi.
Shuningdek, murojaatlar bo‘yicha bugungi kunda 110 dan ortiq ta’sir choralar ko‘rilib, shundan huquqbuzarlik sodir etgan 80 nafar mansabdor shaxsga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Tadbirkorlar manfaatini ko‘zlab sudlarga 9 ta da’vo ariza va shikoyat kiritildi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA