Bosh prokuratura tomonidan Prezidentimizning 2020 yil 11 noyabrdagi “2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi nazoratga olingan.
Mazkur hujjat talablari asosida Bosh prokuratura investitsiya loyihalari tashabbuskorlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari joyiga chiqqan holda o‘rganilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Mo‘ynoq tumanida o‘tkazildi. Tumanda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan bildirilgan o‘ndan ortiq murojaat joyida qanoatlantirilgan bo‘lsa, 20 tasi tegishli davlat idoralariga ko‘rib chiqish uchun yo‘naltirildi.

Ta’kidlanganidek, Mo‘ynoq tumanida hududiy investitsiya dasturlari hisobidan 2022-2023 yillarda qiymati 225,3 milliard so‘mlik 30 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. bugungi kunda 6 ta loyiha to‘liq ishga tushgan. Jumladan, “Mo‘ynoq LDSP” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilgan qamishdan DSP ishlab chiqarish loyihasi asosida 230 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Tumanda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik sub’ektlariga yangi imkoniyatlar yaratish, ular faoliyatida uchrayotgan muammolarning ijobiy yechimini topish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA