Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlar kredit olishda sarson bo‘lmasligi kerak
12:22 / 2021-08-10

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yurtimizda faoliyat olib boruvchi tadbirkorlar va investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashuv, ya’ni ochiq muloqot tashkil etilmoqda.

Bundan kichik biznes va tadbirkorlik rivoji ayni paytda shaxsan davlat rahbarining e’tiborida ekani, ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni qiynab kelayotgan katta-kichik muammolarni batamom hal etish, mazkur tizimni sifat jihatidan yuqori pog‘onaga ko‘tarish maqsadi ko‘zlangan.

Ta’kidlash joizki, Namangan viloyatida ham Prezident ochiq muloqoti oldidan taraddud ishlari ko‘rilmoqda. Xususan, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov viloyat madaniyat markazi binosida ochiq muloqot uchun murojaat yo‘llagan, o‘z faoliyati davomida zarur masala va muammolari bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashdi.

Viloyatdagi tegishli boshqarma, tashkilotlar va bank rahbarlari ishtirok etgan ushbu davra suhbatida tadbirkorlar hozirgi iqtisodiy holati, muammo va rejalarini aytib berdi.

Salkam to‘rt soat davom etgan uchrashuvda mamlakatimizga Islom banki va islom moliyasini olib kirish, yirik ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalarida elektr ta’minotida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va rivojlantirish uchun yer va kredit ajratish, eksport korxonalar faoliyatiga doir qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida tashqi savdo operatsiyalari monitoringini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga tegishli band kiritish kabi taklif va mulohazalar kelib tushdi.

Norin tumani Soybo‘yi mahallasida yashovchi Odina Aliboyeva viloyat hokimiga murojaatidan keyin "Sarvinoz tekstil" kooperativi tashkil etilib, 122,5 million so‘m subsidiya ajratilgani, 35 kishi ishli bo‘lgani, murojaatga ijobiy reaksiya qilingani uchun minnatdorlik bildirdi. Ayni paytda foydalanayotgan xususiy ishlab chiqarish binosi torligi sababli faoliyat qamrovini kengaytirish maqsadida bo‘sh yer ajratishda yordam so‘radi. Mazkur murojaat nazoratga olinib, viloyat davlat aktivlari boshqarmasiga auksion orqali amaliy zaruriy ko‘mak ko‘rsatish topshirig‘i berildi.

Pop tumanidagi “Active Chorkesar Light” mas’uliyati cheklangan jamiyati besh oydan beri kredit ololmay sarson. Jamiyat rahbari Xurshid Ergashevning aytishicha, ular intensiv bog‘larni sug‘orish loyihasi bo‘yicha 2 milliard so‘m moliyaviy madad puli bankdan besh oydan beri ajratilgani yo‘q. Viloyat rahbari ushbu murojaat egalariga Jahon banki tomonidan Farg‘ona vodiysida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yo‘naltirilgan imtiyozli kredit mablag‘laridan foydalanishni tavsiya etdi. Buning uchun tadbirkorga barcha zarur yordam choralari ko‘rilishi ta’kidlandi.

Ma’lumot o‘rnida, Prezidentimizning ochiq muloqoti oldidan Namangan viloyatidan davlat rahbariga elektron platforma orqali 765 ta murojaat kelib tushdi. Ularning asosiy qismi, ya’ni 422 tasi bank-kredit masalalariga oid. Mazkur murojaatlarni ko‘rib chiqish, kerak bo‘lsa joyida o‘rganish, mavjud muammolarni hal etishga ko‘maklashish maqsadida tezkor shtablar va ishchi guruhlari ish olib bormoqda. Murojaatlar tahliliga ko‘ra, ulardan 371 tasi Respublika darajasida hal etiladigan masalalar bo‘lib, investitsiya, eksport va kredit bilan bog‘liq muhim murojaatlar Prezidentimiz o‘tkazadigan ochiq muloqotning kun tartibiga olib chiqiladi.  

Tadbirkorlik sub’ektlarining viloyatdagi tijorat banklariga kredit masalasidagi murojaatlari o‘z yechimini topishda bir qator muammolar yuzaga kelmoqda. Banklarda resurslar yo‘qligi esa bevosita o‘sha moliyaviy muasssasaning bosh ofisiga bevosita bog‘liqligi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.  

Muloqot davomida ham aksar tadbirkorlik sub’ekti vakillari o‘z muammolari haqida to‘xtalarkan, banklarga kredit masalasida yo‘llangan murojaatlari turli bahonalar bilan e’tiborsiz qoldirilayotganligini bildirdi.

– Tadbirkorlar kredit borasida muammoga uchramasligi kerak, – dedi viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov. – Buning uchun bank ishbilarmonlar bilan izchil, yangicha ish tashkil etishi shart. Tadbirkorlar banklar eshigi oldida sarson bo‘lavermasligi lozim. Buni ko‘p bor gapiryapmiz. Banklar ishlash tizimini mutlaqo o‘zgartirishi talab etiladi.

Muloqotda ishtirok etgan Respublika Markaziy banki boshqaruvi raisining o‘rinbosari Bobur Abubakirov tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ular bilan izchil ish olib borishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan viloyatdagi to‘rtta bank boshqaruvchilarini qattiq ogohlantirib, zarur amaliy choralar ko‘rilmasa, ular egallab turgan vazifalaridan ozod etilishini aytib o‘tdi.

[gallery-3348]

Oqilxon Dadaboyev,  

Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA