Hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, ularning sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib rivojlantirish bo‘yicha yangicha yondashuvlarni joriy etish, shuningdek, tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, davlat ko‘magini berish tartibini takomillashtirish va uning samaradorligini oshirish bo‘yicha Namangan viloyatida tizimli ishlar olib borilmoqda. Bunda qabul qilingan me’yoriy hujjatlar doirasida davlat ko‘magini qo‘llash hamda Mingbuloq tumanini 5-toifadan olib chiqish masalasi Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov raisligidagi “Tadbirkorlik kengashi”ning ko‘chma yig‘ilishida muhokama etildi.
Ma’lumki, Mingbuloq tumani O‘zbekiston Prezidentining “Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra 5-toifaga kiritilgan. Buning asosli sabablari bor, albatta. 2022 yilda jami 236 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilib, bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 141 taga kamayib ketgan. Ushbu davrda 1404 ta kichik korxona va mikrofirmalar faoliyat ko‘rsatmagan. Shuningdek, tumanda 3 ta kichik sanoat zonalari tashkil etilib, ushbu KSZlarga qiymati 84,3 mlrd so‘mlik 13 ta loyihalar joylashtirilgan. Biroq, hozirgi kunga qadar qiymati 2,0 mlrd so‘mlik 3 ta loyiha ishga tushirilgan xolos.
So‘zga chiqqan tuman xokimi Nurshod Xudoyberdiyev o‘tgan yili yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning har birini bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va loyihalar haqida axborot berdi. Unda ta’kidlanishicha, Mingbuloqda yirik loyihalarni amalga oshirishga kirishilgan. Jumladan, qiymati 62,4 mln dollar bo‘lgan “Art Soft Tex” MCHJ qo‘shma korxonasining yostiq va ko‘rpa jild to‘plamlari ishlab chiqarish xamda bo‘yash korxonasi shu yerda quriladigan bo‘ldi. Eronlik investorlar esa Mingbuloqda baliq boqish, unga ozuqa ishlab chiqarish va urug‘lantirishni yo‘lga qo‘ymoqchi.
Viloyatdagi yirik tadbirkorlik sub’ektlari Mingbuloqda o‘z korxonalari bo‘lim va filiallarini ochish masalasini ko‘rib chiqishlari haqida gapirdilar.
“Tadbirkorlik kengashi”ning Mingbuloqdagi amaliy muloqotlarida yana bir necha loyihalarga asos solindi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/cdKcyki5uGg" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Muxammadjon Obidov,
Elyor Olimov (video)
O‘zA