Qarshi shahrida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda Biznes-ombudsman devoni hamkorligida tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda Biznes-ombudsman devonining yetakchi inspektori Ismoil Sayitov viloyatda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning qonuniy huquqlarini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Ta’kidlanishicha, tadbirkorlar faoliyatiga asossiz aralashuvlarni oldini olish, yuzaga kelayotgan muammolarni joyida hal qilishda tizimli yondashuvlar qo‘llanilmoqda.

Shu bilan birga, mutaxassis jurnalist va blogerlarning tadbirkorlik sohasidagi muammo hamda yechimlarini keng jamoatchilikka yetkazishdagi o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tdi. Sifatli media kontent yaratish, manzilli tahlillar berish va tadbirkorlar manfaatlarini xolis yoritish jurnalistikaning muhim vazifalaridan biri ekani qayd etildi.
Tadbir davomida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi. Anjuman ochiq muloqot va konstruktiv fikr almashinuv ruhida o‘tdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA