Ma’lumki, Biznes-ombudsmanning asosiy vazifalari tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularga davlat organlari tomonidan rioya etilishi uchun kafolatlar berishdan iborat.
Shunga ko‘ra, bir guruh tadbirkorlik sub’ektlari Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasining Jizzax mintaqaviy inspeksiyasi xodimlarining xatti-harakatidan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Biznes-ombudsman axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, o‘rganishlar davomida, Inspeksiyaning xodimlari tomonidan 93 ta noqonuniy va tekshirish tartibini buzgan holda tadbirkorlarda tekshirish o‘tkazilganligi hamda 2 ta holatda tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish muddatlari asossiz ravishda buzilganligi aniqlandi.
Biznes-ombudsmanning aralashuviga ko‘ra, Inspeksiyaning 14 nafar huquqbuzar xodimlari ma’muriy javobgarlikka tortildi, 1 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Xususan, “Future” MCHJ (nomi o‘zgartirilgan) faoliyatida Inspeksiyaning xodimlari tomonidan Biznes-ombudsman bilan kelishilmagan holda tekshiruv o‘tkazilib, jamiyat rahbariga nisbatan qonun talablariga zid ravishda ma’muriy bayonnoma tuzilgan. Biznes-ombudsmanning taqdimnomasiga asosan, yuqoridagi tadbirkorlarga nisbatan qo‘llanilgan jarima jazosi bekor qilindi.
Qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining 2018 yil 27 iyuldagi "Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinishi shart. Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinmagan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA