Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlar huquqini buzgan mansabdor shaxslarga nisbatan 44 ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi
10:26 / 2025-12-01

Tadbirkorlar buzilgan huquqlarini tiklash yoki ularni ro‘yobga chiqarish maqsadida Biznes-ombudsmanga qilayotgan murojaatlari qanday hal etilmoqda?

Bu borada Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan ishlar haqida Biznes ombudsman vakili devoni Toshkent shahri sho‘’basi yetakchi inspektori Laziz Ermatov gapirib berdi:

– Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlari soni bugungi kunda 137 mingga yaqinlashdi. Shundan 56 mingga yaqini yuridik shaxslar, 41 mingdan ziyodrog‘i yakka tartibdagi tadbirkorlar.

Biznes-ombudsman tomonidan yuritiladigan “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portaliga kelib tushgan murojaatlar tahliliga ko‘ra, joriy yil o‘n oyida mingga yaqin  murojaat kelib tushdi. 

Murojaatlarda keltirilgan masalalarning 4,5 foizi bank va kredit, infratuzilma, 12 foizi soliq, 6,4 foizi yer, bino ajratish, 43 foizi sud va boshqa organ hujjatlari ijrosi va 34,1 foizi boshqa masalalarga oid.

Mazkur portal orqali murojaatlar ko‘rib chiqilishida qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan 44 ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima jazosi tayinlandi. 

Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatidagi tekshiruvlarni muvofiqlashtirish masalasiga ham Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakillar doimiy e’tibor qaratmoqda.

2025 yilning 10 oyida poytaxtdagi 43 ta nazorat organi tomonidan tadbirkorlar faoliyatida 17 ming 331 tekshiruv o‘tkazilgan.

O‘tkazilgan tekshiruvlar nazorat organlari kesimida tahlil etilganda 72 foizi soliq, 10,8  foizi favqulodda vaziyatlar, 1,2 foizi qurilish va kommunal xo‘jaligi nazorati organlari hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Nazorat qiluvchi organlarning Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlarda 94 qonunbuzilishi holatlari aniqlandi. Ushbu qonunbuzilishi holatlarining 55,3 foizi soliq organlari va 25,5 foizi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, ekologiya va atrof-muhit, raqobat sohasi xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan.

Mazkur qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 160 ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. 

Biznes-ombudsman nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik ijro etilishi ahvoli muntazam o‘rganib kelinmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida uchta  nazorat qiluvchi organda tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik ijrosi ahvoli, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshirishlar, murojaatlar ko‘rib chiqilishi, davlat xizmatlari ko‘rsatilishi, litsenziyalash va ruxsat berilishi ahvoli o‘rganildi. 

O‘rganishlarda aniqlangan 562 qonunbuzilishi holatining 3,8 foizi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonunchilik, 17,7 foizi murojaatlar bilan ishlash, 50,6 foizi tekshirishga doir ekani ma’lum bo‘ldi. 

Ushbu qonunbuzilishi holatlariga takroran yo‘l qo‘ymaslik uchun harakatlarida huquqbuzarlik alomatlari bo‘lgan 79 nafar mas’ul shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. 

Toshkent shahrida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish va qonunbuzilishi holatlarining oldini olish maqsadida hududlarda tadbirkorlar murojaatlari bilan ishlash ko‘lami kengaytirilmoqda. Bunda, “Tadbirkor virtual ofisi” imkoniyatlari to‘g‘risida tadbirkorlar o‘rtasida keng targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda. Har hafta hokimliklar bilan tuman (shahar)larda tadbirkorlar bilan sayyor qabullar o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Hokim yordamchilari tomonidan mahallada aniqlangan va joyida hal qilish imkoniyati bo‘lmagan masalalar “Tadbirkor virtual ofisi”ga kiritilishi bo‘yicha nazorat o‘rnatilgan. 

Tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatiga salbiy ta’sir etuvchi omillar hamda vujudga kelayotgan tizimli muammolarni bartaraf etish va biznes muhitni yanada yaxshilashga qaratilgan takliflar ishlab chiqish doimiy e’tiborda. 

Nazorat qiluvchi organlarning tekshiruv huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslari malakasini oshirish bo‘yicha reja-jadval  asosida hududlarga chiqqan holda o‘quv-seminarlar o‘tkazilmoqda. Joriy yilda bu borada 18 nazorat qiluvchi organning mingdan ziyod  xodimi ishtirokida o‘quv-seminar va treninglar o‘tkazildi. 

N.Abduraimova,

O‘zA