Mamlakatimizda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarishni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratishga hukumat miqyosida e’tibor qaratilib, keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, o‘rganish, buzilgan huquqlarini himoya qilish borasida Biznes-ombudsmanning Jizzax viloyatidagi sho‘’basi xodimlari tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida Biznes-ombudsmanning Jizzax viloyatidagi sho‘’basiga tadbirkorlik sub’ektlaridan jami 620 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 321 ta (57 foiz) murojaat bo‘yicha tadbirkorlarning buzilgan huquqlari tiklandi, qolgan 299 ta murojaatchiga huquqiy tushuntirish berildi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida vakolatli idoralarga qonun buzilish holatlarini bartaraf etish to‘g‘risida 17 ta taqdimnoma yuborilgan. 6 milliard 800 million so‘mlik qarzdorlikni undirish haqida sudlarga 33 ta da’vo arizasi va shikoyatlar kiritildi. 34 ta vazirlik va idora rahbarlari qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida rasman ogohlantirilib, tadbirkorlik sub’ektlarida tekshirish tartibini buzgan 70 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirildi. Shuningdek, jiddiy qonun buzilish holatlari bo‘yicha prokuratura organlariga 5 ta jinoiy ish taklifi berildi.
Jumladan, “Kashfiyot” qo‘shma korxona shaklidagi mas’uliyati cheklangan jamiyati (nomi o‘zgartirilgan) rahbari Ya.B. yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan qonun hujjatlari talablari buzilgan holda hisobdan chiqarilgan 687 million 776 ming 341 so‘mni byudjetdan qaytarish haqida Biznes-ombudsmanga ariza bilan murojaat qildi.
Ushbu murojaat yuzasidan tadbirkor manfaatida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritilgan da’vo arizasi joriy yilning 22 aprelida to‘liq qanoatlantirilib, 687 million 776 ming 341 so‘m mablag‘ jamiyat foydasiga qaytarish haqida hal qiluv qarori chiqarildi.
Jamshid ZARIPOV,
Biznes-ombudsman devonining
Jizzax viloyat sho‘’basi yetakchi inspektori
O‘zA