English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlar huquq va manfaatlari himoyada
12:26 / 2026-03-03

Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tizimi yo‘lga qo‘yilganligi, tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) devonining Andijon viloyatidagi sho‘’basi tomonidan ham tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. 

Tadbirkorlarning murojaatlari asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida ularning buzilgan huquqlari tiklanib, qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, Andijon shahrida faoliyat yurituvchi “A.B.” MCHJda o‘tkazilgan tekshiruvda tadbirkorni xabardor qilish muddatlariga rioya etilmagani aniqlandi. Shuningdek, tadbirkor talabnomaga javob berganligi va tegishli hujjatlarni taqdim etganligiga qaramasdan, bank hisob varaqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish haqidagi qaror o‘z vaqtida bekor qilinmagan.

– O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 112-moddasiga ko‘ra, soliq organi talabiga javoban hujjatlar taqdim etilgan kuni hisob varaqlar bo‘yicha cheklov bekor qilinishi shart, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Biznes-ombudsmanning Andijon viloyatidagi bosh inspektori Murodjon Hoshimov. – Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241³- moddasiga muvofiq, tadbirkorlik faoliyatini yoki bank operatsiyalarini qonunga xilof ravishda to‘xtatib turish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, aybdorga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy jazo choralari qo‘llanildi va tadbirkorning hisob varaqlari faollashtirildi.

Bundan tashqari, Andijon tumanidagi “B.M.” MCHJda o‘tkazilgan tekshiruv yakunida qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha 3,4 milliard so‘m miqdorida kamomad aniqlangan va talabnomaga javob taqdim etilmagani sababli bank hisob varaqlariga cheklov qo‘yilgan.

Biznes-ombudsman tomonidan ko‘rsatilgan huquqiy tushuntirish va amaliy yordam natijasida tadbirkor soliq organiga barcha tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etdi. Qayta ko‘rib chiqish jarayonida aniqlangan kamomad bartaraf etildi, hisob varaqlar bo‘yicha cheklovlar bekor qilinib, korxona faoliyati to‘liq tiklandi.

Biznes-ombudsman devoni xodimlari sudlarda tadbirkorlarning arizalari ko‘rib chiqilish jarayonida ham ishtirok etib, ularning huquqlarini himoya qilib kelmoqda. Jumladan, Andijon tumanlararo ma’muriy sudida “O.M.P.” MCHJning arizasi ko‘rib chiqilishida Biznes-ombudsman xodimlari ishtirok etib, tadbirkor manfaatlarini himoya qildi.

Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 67-moddasiga muvofiq, qaror qonuniyligini isbotlash majburiyati ma’muriy organ zimmasida bo‘lsa-da, soliq organi tomonidan yetarli dalillar taqdim etilmagan. Ushbu Kodeksning 189-moddasiga asosan, sud ma’muriy organ qarori qonunchilikka zid ekani va tadbirkorning huquqlari buzganligini e’tirof etdi. Natijada, 486,8 million so‘m miqdorida hisoblangan soliqlar tadbirkor hisobidan chiqarildi, tadbirkorning buzilgan huquq va manfaatlari to‘liq tiklandi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA.