Nurafshon shahrida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan joriy yil birinchi choragi davomida amalga oshirgan ishlari, tadbirkorlarning sohadagi majburiyatlariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Unda mutaxassislar tomonidan o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berildi. Xususan, Toshkent viloyat Raqobat boshqarmasiga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 808 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 79,8 foizi qanoatlantirilgan, 94 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan, 25 tasi rad etilgan, 44 tasida o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Xalq iste’mol tovarlarining sifati va xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha jami 27 ta mahsulot turlari, jumladan, gazli ichimliklar, dudlangan va yarim dudlangan go‘sht, o‘simlik yog‘i, konservalangan mahsulotlar, tuzlamalar, bolalar uchun ozuqalar, un va dukkakli mahsulotlar kabi mahsulotlar nazorat xaridlari o‘tkazildi. Belgilangan talabga javob bermaydigan mahsulotlarga tegishli chora ko‘rildi.

Bundan tashqari, joylardagi 42 ta korxona tomonidan yuqori likvidlik mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yilishi va sotilishi bo‘yicha kunlik nazorat o‘rnatilib, monitoring kuzatuvlari olib borildi. Natijada aniqlangan qonun buzilish holatlari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib tegishli choralar ko‘rildi.
Tadbirda Prezidentimizning 2024 yil 14 noyabrdagi “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati tushuntirildi.
– Boshqarma tomonidan viloyatda iste’mol bozorlarida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari barqarorligini ta’minlash, narxlarning sun’iy oshib ketishi holatlarining oldini olish choralari ko‘riladi, – deydi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek Ismoilov. – Tuman-shaharlardagi bozorlar, savdo do‘konlarida narxlar bo‘yicha kunlik monitoring kuzatuvlari olib borildi va ma’lumotlar umumlashtirib yagona axborot bazasiga kiritib borilmoqda. Shuningdek, mahalliy ishlab chiqarilgan sement, import qilingan suyultirilgan gaz, chigit, paxta moyi, shrot va sheluxa mahsulotlarini birja savdolariga chiqarilishi holatlari yuzasidan o‘rganishlar olib borilib, qo‘mitaga tegishli takliflar kiritilmoqda.
Seminar davomida tuman-shahar tibbiyot birlashmalari, davolash profilaktika muassasalari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari mas’ullari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlari ham tahlil qilindi. Ishtirokchilar mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
A.Musayev,O‘zA.