Prezidentimizning joriy yil 19 mart kuni kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuvida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Elyor Tolliyev Oqdaryo tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashdi.
Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda viloyat bo‘yicha 32 mingta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan yer solig‘i, mol-mulk solig‘i,qo‘shimcha qiymat solig‘i, foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqlardan 1 milliard 896,7 million so‘mlik soliq imtiyozlaridan, Oqdaryo tumanida esa 2 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari 85 million so‘mlik soliq imtiyozlaridan foydalangan.
– Bundan olti yil avval bankdan 25 million so‘m kredit olib bir do‘stim bilan faoliyat boshlagandim, – deydi "OK FABRIC" xususiy korxonasi rahbari Bahodir Ergashev. – Hozir 40 nafarga yaqin yigit-qizni ish bilan ta’minlaganman. 6 turdagi mahsulot ishlab chiqaramiz. “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlarda tadbirkorlar o‘z muammolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbarga yetkazmoqda. Faoliyati davomida yuzaga kelayotgan masalalar bo‘yicha takliflarini bildirishayapdi. Shuningdek, bir qator nominatsiyalarda tadbirkorlar e’tirof etilmoqda.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda tadbirkorlarning soliq hisobotlarini topshirish, barqarorlik reytingi, ortiqcha to‘lovni qaytarish, soliq qarzini undirishda yengillik berish to‘g‘risidagi murojaatlari tinglanib, ijobiy hal etish choralari ko‘rildi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari