Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, sohadagi mavjud muammolarni o‘rganish va ularning yechimlarini aniqlash maqsadida hududlarda amaliy targ‘ibot tadbirlari izchil ravishda tashkil etilmoqda.
Shu maqsadda Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Salimjonov hamda boshqarmaning mas’ul xodimlari tomonidan Sirdaryo tumanida joylashgan “Peng-Sheng” majmuasidagi yirik ishlab chiqarish korxonalari — “Peng Sheng Charm”, “Sirdarya Ceramic Production” va “Modern Ceramic” mas’ullari ishtirokida sayyor uchrashuv o‘tkazildi.

Muloqot davomida tadbirkorlar faoliyatida uchrayotgan masalalar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, “Peng Sheng Charm” korxonasida 2024 yilning shu davriga nisbatan 2025 yilda eksport hajmlarining kamaygani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan bojxona rejimi imkoniyatlarini kengroq qo‘llash, mahsulotlarni tayyor va yarim tayyor holda eksport qilish yo‘nalishlarini kengaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.

Joriy yilning oktyabr oyi holatiga ko‘ra, “Peng Sheng Charm” korxonasi tomonidan 44,24 ming AQSH dollari qiymatidagi tovarlar “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi asosida rasmiylashtirilgan. Shuningdek, qiymati 1,6 million AQSH dollariga teng teri va jelatin mahsulotlari xorijga eksport qilingani ma’lum qilindi.

Majmua tarkibidagi “Sirdarya Ceramic Production” va “Modern Ceramic” korxonalari tomonidan esa 2025 yil boshidan buyon umumiy vazni 45,4 ming tonna, qiymati 8,3 million AQSH dollariga teng kafel mahsulotlari eksport qilingan.

Uchrashuv chog‘ida tadbirkorlarga bojxona sohasidagi amaldagi tartib-taomillar, mavjud imtiyozlar va ulardan samarali foydalanish imkoniyatlari yuzasidan batafsil ma’lumot va tushuntirishlar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri