Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlarida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Rustam Sulaymonov, Markaziy bank Navoiy viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Pardayev ishtirokida hududlardagi tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Mamlakatimizda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz qaror va farmonlari sohani yanada taraqqiy etishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda tadbirkorlar bilan tashkil etilayotgan ochiq muloqotlarda esa ishbilarmon doira vakillarining takliflari va muammolari tinglanib, ularni ijobiy hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Ta’kidlash o‘rinliki, viloyat markazidan qariyb 200-300 kilometr olisda joylashgan bu hududlarda ham tadbirkorlik yo‘nalishi yil sayin rivojlanib, barcha imkoniyatlar ishga solinyapti. Ayniqsa, banklarning moliyaviy ko‘magi ostida ish boshlayotgan yangi ishlab chiqarish korxonalari, xizmat va servis ko‘rsatish tarmoqlari orqali ham hudud iqtisodiyoti yuksalishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga hissa qo‘shilyapti.

Tegishli mas’ul rahbarlar ishtirok etgan uchrashuvda tadbirkorlar tomonidan yer-mulk, subsidiya ajratilishi, auksion, kadastr, yo‘llarni kengaytirish, maktabgacha ta’lim muassasasida quyosh panelini o‘rnatilishi masalasida amaliy yordam, kredit masalasi, shuningdek, boshqa bir qator muammolarda murojaat qilindi.

Ochiq muloqot tarzida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tadbirkorlarning sohadagi muammolari va takliflari eshitilib, har bir murojaatni ijobiy hal etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Uchrashuvda tadbirkorlarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javob qaytarildi. Jarayonda mavjud muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri