Nukusda Hukumat komissiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi tadbirkorlari bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev rahbarligida o‘tkazilgan tadbirda 200 nafardan ortiq tadbirkor ishtirok etdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi tadbirkorlik sub’ektlarini bevosita tinglash, ularni qiynab kelayotgan dolzarb masalalarni aniqlash hamda vazirlik va idoralar, mas’ul tashkilotlar tomonidan tezkor hamda samarali yechimlar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, bunday ochiq muloqotlar tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, biznesni qo‘llab-quvvatlash va hududlarda iqtisodiy faollikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan faoliyatni rivojlantirish, mavjud byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, infratuzilma, soliq va bojxona masalalariga oid takliflar aytildi, muammolar tinglandi.
Jumladan, 50 nafardan ziyod tadbirkorning yer, imtiyozli kredit, kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, litsenziya va boshqa masalalar yuzasidan muammolariga quloq tutildi. Shundan 15 nafarining muammosi joyida hal etildi, 40 ga yaqin masala yuzasidan tegishli mas’ullarga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi. Bildirilgan har bir murojaat mas’ul rahbarlar tomonidan atroflicha ko‘rib chiqilib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Hukumat komissiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya loyihalarining joriy holati o‘rganildi. Xususan, Nukus shahrida joylashgan “SOALS” KS mas’uliyati cheklangan jamiyatining gazabeton ishlab chiqarish va “Sapsan Trans Nukus” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan aholiga transport xizmatini ko‘rsatish loyihalari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.
Bundan tashqari, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, “Qoraqalpoq suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati hamda Beijing China Sciences Runyu Environmental Technology mas’uliyati cheklangan jamiyatining loyihalar yuzasidan taqdimotlari namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri