Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot
11:34 / 2025-08-07

Sirdaryo viloyatining Qozog‘iston Respublikasi bilan chegaradosh Sirdaryo tumanida mahalliy tadbirkorlar ishtirokida sayyor uchrashuv tashkil etildi. Ushbu tadbir polipropilen xom ashyosidan qop ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Sof Plast” mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘tkazildi.

Sayyor uchrashuvda viloyat bojxona boshqarmasi mutasaddilari, jumladan, boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Axtamxon Inyaminov boshchiligidagi ishchi guruh ishtirok etdi. Tadbirda tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq dolzarb masalalar, “qayta ishlash” bojxona rejimi, soddalashtirilgan tartiblar va tadbirkorlar uchun belgilangan huquqiy imtiyozlar muhokama qilindi.

– Sirdaryo tumani chegaradosh hudud sifatida tashqi savdo rivojida katta ahamiyatga ega, – deydi viloyat bojxona boshqarmasining Tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi bosh inspektori Alimardon Umirov. – Ayniqsa, “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlar ochadi. Xom ashyoni import qilib, uni mahalliy korxonalarda qayta ishlab, tayyor mahsulotni eksport qilish orqali ham valyutaning ichki aylanmasi ta’minlanadi, ham yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Uchrashuv davomida “Sof Plast” MCHJ faoliyati bojxonadagi “qayta ishlash” rejimi amaliyotidagi muvaffaqiyatli misol sifatida keltirildi. Korxona 902 ming AQSH dollarlik polipropilen xom ashyosini rasmiylashtirgan hamda hozirgacha 842 ming dollarlik tayyor qop mahsulotini eksport qilgan.

Tadbirda tadbirkorlar tomonidan bojxona rasmiylashuvini yanada shaffoflashtirish, axborot texnologiyalarini keng joriy etish, hujjatlar taqdim etishda ortiqcha talablarni qisqartirish kabi takliflar bildirildi.

Mutaxassislar har bir masala yuzasidan batafsil huquqiy tushuntirish va amaliy tavsiyalar berdilar. Shuningdek, tadbirkorlar “tezkor javob” mexanizmi, korrupsiya holatlarining oldini olish va “bojxona — biznes” hamkorligini yanada mustahkamlashga qaratilgan yangiliklar bilan ham tanishtirildi.

Bunday ochiq muloqotlar tadbirkorlik muhitini yaxshilash, ishonchni mustahkamlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni rag‘batlantirishda muhim o‘rin tutayotgani ta’kidlandi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri