Soliq qo‘mitasi rahbariyati tomonidan tadbirkorlarning muammo va takliflarini o‘rganish, ularni tezkorlik bilan hal qilish hamda aholini daromadli mehnat bilan bandligini oshirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish va bu borada aniqlangan tizimli muammolarning yechimi yuzasidan takliflar ishlab chiqishga qaratilgan joylardagi uchrashuvlari davom etmoqda.
Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev tomonidan ana shunday uchrashuv Buxoro viloyatida ham o‘tkazildi.

Unda viloyatdagi 200 nafarga yaqin kichik va o‘rta biznes vakilari ishtirok etdi.
O‘tkazilgan yuzma-yuz muloqotda kichik va o‘rta biznes vakillarining mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirishdagi o‘rni va roli muhim ekanligi, shu maqsadda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani, xususan, soliq siyosatidagi yangiliklar, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imtiyozlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Jumladan, biznes vakillari uchun berilayotgan soliq imtiyozlari va yengillikalari natijasida viloyatda kichik va o‘rta biznes rivoj topayotgani alohida ta’kidlandi.
Ayniqsa, 2025 yilning 1 aprelt holatiga viloyatdagi chakana savdo sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 13 097 tani tashkil etdi. Ularning 65 tasi yirik korxonalar hamda 13 032 tasi esa kichik korxona va mikrofirmalaridir.

Ochiq muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan soliq imtiyozlaridan foydalanish, soliq hisobotlarini taqdim etish, avtokameral soliq tekshiruvlari, soliq auditi, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblashda yuzaga keladigan muammolar, markirovka, barqarorlik reytingi, fermerlarga berilgan subsidiyalarning to‘liq qoplab berilishi hamda QQS bo‘yicha salbiy farq summasi qaytarilishi kabi 10 dan ortiq masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi.
Tinglangan masalalarning aksariyati joyida hal etildi. Yechimi vaqt talab qiladigan ayrim murojaatlarning ijrosi yuzasidan tegishliligi bo‘yicha mas’ul mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi. Ularning ijrosi esa Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev tomonidan shaxsan nazoratga olindi.
Bir so‘z bilan aytganda, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning qonuniy haq-huquqlarini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan mazkur ochiq muloqotlar ko‘plab ishbilarmonlarning muammolarini hal etish hamda faoliyatini yanada rivojlantirishdagi o‘rni bilan ahamiyatli bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Zero, tadbirkorlik rivoji – yurtimiz va iqtisodiyotimiz taraqqiyoti garovidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.