Qo‘rg‘ontepa tumanida kichik va o‘rta biznes sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati soliq boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda boshqarmaning mutasaddi va mutaxassislari, tumanda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’ektlari vakillari, yakka tartibdagi tadbirkorlar ishtirok etdi.

Muloqotda tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish hamda barqaror ish yuritishi, rivojlanishiga ko‘maklashish masalalari xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Tadbirda mamlakatimizda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani, xususan, soliq idoralari tomonidan ularni qiynayotgan muammo va masalalarni qonuniy hal etilishiga yaqindan yordam ko‘rsatilayotganligi ta’kidlandi.

Ochiq muloqot davomida tadbirkorlarning soliq hisobotlarini topshirish, imtiyozlardan foydalanish va kadastr organlari bilan bog‘liq muammo hamda takliflari eshitildi, ularni ijobiy hal etish choralari ko‘rildi.
Tadbirda mutaxassislar Prezidentimizning joriy yil 19 martdagi “Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati, mazkur hujjat asosida tadbirkorlarga berilgan imtiyoz va imkoniyatlar, shuningdek, soliq qonunchiligi, hisobotlarni topshirish tartiblari haqida ishtirokchilarga ma’lumotlar berdi. Tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.

Shu bilan birga, tumanda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab olindi.
Viloyat soliq boshqarmasi tomonidan bu kabi uchrashuv va muloqotlar barcha tuman hamda shaharlarda reja asosida o‘tkazilmoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari