Urganch shahrida tadbirkorlar uchun ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Xorazm viloyat hokimligi, viloyat soliq boshqarmasi, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi hamda boshqa mas’ullar tadbirkorlarning taklif va muammolarini tingladi.
–Prezidentimiz joriy yilning 19 mart kuni kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, sohaning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish va rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish borasidagi ustuvor vazifalarni belgilab bergan edi, – deydi viloyat soliq boshqarmasi bosh inspektori Murod Karimov. – Shu sababdan bugun kichik va o‘rta biznes sub’ektlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ular uchun moliyaviy resurslarni ko‘paytirish, biznesni infratuzilma bilan ta’minlash, ichki bozorda teng raqobat muhitini yaratish, xizmatlar sohasiga yangi turtki berish, sohadagi to‘siq va g‘ovlarni qisqartirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
[gallery-22655]
Uchrashuvda bank krediti va yer ajratish, soliq imtiyozlari, faoliyatni kengaytirish, kommunal xizmatlar kabi masalalarda murojaatlar qabul qilindi. Shuningdek, savol, taklif va fikr-mulohazalar tinglandi.
Ochiq muloqotda ko‘tarilgan masalalarning ayrimlariga shu yerning o‘zida yechim topildi. Ijrosi muddat va qo‘shimcha o‘rganish talab qiladiganlari esa mas’ullarga yo‘naltirilib, ijrosi nazoratga olindi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat, video), O‘zA muxbirlari