Buxoro viloyati soliq boshqarmasida tadbirkorlar, jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan tadbirda viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i D.Yuldashev bugungi kunda soliq idoralari o‘z faoliyatlarini yangi bosqichda amalga oshirayotgani, xususan, soliq xizmati organlari xodimlari “korxonabay” va “mahallabay” ishlash tizimi orqali soliq to‘lovchilarga soliq majburiyatlarining o‘z vaqtida va to‘g‘ri bajarilishida ko‘maklashayotgani haqida axborot berdi.


Uchrashuvda soliq idoralari o‘rtasida ishonchni yanada mustahkamlash hamda korrupsiya holatlariga umuman yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar muhokama qilindi.

Tadbirkorlar “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasi mezonlari bo‘yicha, EHF, onlayn-NKMlardan foydalanish, tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, yer va mol-mulk solig‘i, ortiqcha to‘langan soliqlarni qaytarish, shuningdek, soliq tekshiruvida qo‘llanilgan moliyaviy jarimalar, to‘lov intizomini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik masalalari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qildi.


Muloqotda boshqarma boshlig‘i va soha mutaxassislari hamkorligida tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan ko‘plab masalalar shu yerning o‘zida o‘rganilib, ularning yechimi bo‘yicha zarur maslahatlar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.