Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi tashabbusi bilan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, tashqi iqtisodiy faoliyatda mavjud muammolarni joyida hal etish hamda bojxona jarayonlarini yanada shaffof va samarali tashkil etish maqsadida Sayxunobod tumanidagi “Farovon” kichik sanoat zonasida joylashgan “Beshefar Group” korxonasida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Ochiq muloqotda Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i N. Salimjonov, boshqarmaning mas’ul xodimlari hamda korxona vakillari ishtirok etishdi. Uchrashuv davomida tadbirkorlarning bojxona rasmiylashtiruvi, eksport-import operatsiyalari, bojxona imtiyozlaridan foydalanish tartibi hamda amaliy masalalar bo‘yicha ko‘targan savollariga atroflicha javoblar berildi.


Ma’lum qilinganidek, “Beshefar Group” korxonasida loyihaning birinchi bosqichi doirasida sutkasiga 1200 tonna bug‘doyni qayta ishlash quvvatiga ega zamonaviy tegirmon qurilishi yakuniy bosqichga yetkazilgan. Loyiha to‘liq quvvat bilan ishga tushirilgandan so‘ng, korxonada 1000 nafarga yaqin doimiy ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu hudud aholisi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, korxona tomonidan 2025 yil hamda joriy yilning shu kunga qadar xorijdan umumiy qiymati 14,3 million AQSH dollariga teng bo‘lgan zamonaviy asbob-uskunalar import qilingan. Ushbu uskunalarga nisbatan bojxona to‘lovlari bo‘yicha 20,3 milliard so‘m miqdorida imtiyozlar qo‘llanilgani tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati samarasini yaqqol namoyon etdi.


Uchrashuvda korxona faoliyatini yanada rivojlantirish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish hamda tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, korxona to‘liq ishga tushirilgandan so‘ng bug‘doy import qilinib, “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi asosida rasmiylashtirilishi rejalashtirilayotgani ta’kidlandi. Ushbu rejim imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Muloqot yakunida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan taklif va muammolarni joyida hal etish, shuningdek, bojxona organlari hamda ishbilarmonlik sub’ektlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri