Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
09:51 / 2025-04-22

Bugungi kunda tadbirkorlar murojaatlari bilan ishlash, ular faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish hamda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishda joylarda o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Navoiy viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘ining Karmana tumanida o‘tkazgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti jarayonida ham ko‘plab ishbilarmonlarning murojaatlari ijobiy hal etildi.

Yurtimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin egallayotgan kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash bugun amalga oshirilayotgan islohotlarda ustuvorlik kasb etadi. Bu orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, oilalarning barqaror daromad manbaini shakllantirish hamda farovonlikni yuksaltirishdek maqsadlar ko‘zlangan. 

Uchrashuvda Prezidentimizning 2025 yil 19 maydagi “Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tadbirkorlar uchun yaratilgan imtiyozlar haqida ma’lumot berildi. 

Muloqot davomida korxonani ixtiyoriy tugatishda soliqdan qarzdorlik mavjudligi sababli yuzaga kelgan muammoni ijobiy hal etish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish uchun k-Savdo platformasi orqali auksion savdolarida ishtirok etib yer olish, bitta ob’ektga ikkita kadastr raqami biriktirib qo‘yilganligi sababli noto‘g‘ri kiritilgan kadastr raqamini o‘chirish kabi murojaatlar tinglandi. Shuningdek, qat’iy belgilangan soliqdan ortiqcha to‘langan summani qaytarib olish, 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga soliq to‘lovlaridan berilgan imtiyozlar hamda imtiyozli kredit olish tartibi bo‘yicha tushuntirishlar berish kabi masalalarda tadbirkorlarning muammolari tinglandi. 

– Bir necha yillardan buyon tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelaman, – deydi “Rustam market – 2020” oilaviy korxonasi rahbari Umida Gulyamova. – Bugungi uchrashuvda faoliyatimni yanada kengaytirish maqsadida kredit olish borasida murojaat qildim. Murojaatim ijobiy hal etildi. Agrobankning Karmana tuman filiali tomonidan menga 100 million so‘m miqdorida kredit ajratiladigan bo‘ldi. 

Viloyat soliq boshqarmasi mas’ullari tomonidan o‘tkazilgan ochiq muloqotlarda tadbirkorlarning 10 ga yaqin murojaatlari o‘rganildi. Ularning aksariyati joyida qanoatlantirilgan bo‘lsa, ayrimlariga huquqiy maslahat berilib, muddat va vaqt talab qiluvchi masalalar nazoratga olindi.

Uchrashuv so‘nggida viloyat soliq boshqarmasi rahbariyati kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha bir qator tadbirkorlik sub’ektlariga borib, muammolarni joyida o‘rgandi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri