Ma’lumki, Biznes-ombudsman tomonidan har yil 1 fevralga qadar nazorat qiluvchi organlarning o‘tgan yildagi faoliyati tahlil qilinadi va ularning reytingi e’lon qilinadi.
Reyting tekshiruvlarning qonuniyligi va o‘rnatilgan tartibda o‘tkazilgani, tadbirkorlik sub’ektlarining shikoyatlari tekshiruv huquqiga ega mansabdor shaxslarning attestatsiya natijalari asosida shakllantiriladi.
Shunga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlarida davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlar faoliyatining 2025 yilgi reyting baholash natijalari e’lon qilindi.
Mazkur reyting davlatimiz rahbarining 2024 yil 14 noyabrdagi farmoni talablari asosida ishlab chiqilgan va Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik kengashi tomonidan tasdiqlangan mezonlar asosida shakllantirildi.
Biznes ombudsman axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tkazilgan baholash yakunlariga ko‘ra, nazorat organlarining ko‘rsatkichlari quyidagicha taqsimlandi.
Xususan, 7 ta organ – «Yaxshi»
10 ta organ – «Qoniqarli»
27 ta organ – «Qoniqarsiz».
Reyting tizimi nazorat qiluvchi organlar faoliyatining shaffofligini ta’minlash va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishda tizimli kamchiliklarni aniqlashga xizmat qiladi.
Baholash natijalari «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ochiq e’lon qilib boriladi. Bu tizim nazorat qiluvchi organlar faoliyatida shaffoflikni ta’minlash va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini baholash mezonlari bilan mazkur infografika orqali batafsil tanishishingiz mumkin.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA