Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlar bilan bir kun
10:51 / 2025-08-20

Namangan shahridagi “Ma’rifat maskani”da “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan Savdo-sanoat palatasi hamda Namangan viloyati hokimligi hamkorligida “Tadbirkorlar bilan bir kun: biznes va investitsiya” forumi bo‘lib o‘tdi.

Mahalliy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va xizmatlar ko‘rgazmasi bilan boshlangan forumda Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” direktori Abbosxon Muhammadov keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishni kompleks qo‘llab-quvvatlashning “uzluksiz zanjiri”ni yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilganligini ta’kidladi. 

Prezidentimizning 2023 yil 10 noyabrdagi “Kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgani biznes egalariga katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. 

[gallery-24843]

Mazkur kompaniya tadbirkorlik sub’ektlariga kafillik, xizmatlar ipotekasi, qarz yordami, ulush kiritish, resurs ajratish, kompensatsiya, qayta moliyalashtirish kabi xizmatlarni ko‘rsatib kelmoqda. Bugungi qadar jamiyat tomonidan 62 mingdan ziyod tadbirkorlarga 19,8 trillion so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatildi. Buning natijasida 385 mingdan ortiq ish o‘rni rejalashtirilgan. 

Hozirda kompaniyaning rakursi ayol tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish, “yashil” iqtisodiyot loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy yo‘nalishdagi sohalarni rivojlantirishga qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishlar kompaniya portfelining o‘rtacha 10 foizini tashkil etsa, kelgusida bu ko‘rsatkichni 20 foizgacha yetkazish ko‘zda tutilgan. 

Viloyat hokimi e’tirof etganidek, respublikaning sanoat va tadbirkorlik markaziga aylangan Namanganda biznes yuritishda oxirgi yillarda katta yutuqlarga erishildi. So‘nggi yetti yil davomida viloyatdagi kichik va o‘rta biznes sub’ektlari soni 18 mingdan 38 mingtaga ko‘payib, band aholining soni 233 mingdan 500 ming nafargacha yetgan. Bugun kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 73 foizdan ortiqni tashkil etmoqda. 

Vodiy viloyatlari ichida birinchi marotaba keng formatda o‘tgan anjumanda, mamlakatimiz iqtisodiyotining turli yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan yetakchi mutaxassislar – “Dekos” va “MFaktor” kompaniyalari asoschisi Hasan Mamasaidov, “Millat umidi” universtiteti va maktabi asoschisi Umidjon Eshmuhamedov, investitsiya bo‘yicha xalqaro ekspert Tamilla Qurbonova kabi spikerlar namanganlik tadbirkorlar bilan ochiq muloqotga kirishib, o‘z bilim va tajribalarini ulashdilar. 

Forum ishtirokchilari brend bilan ishlash, muvaffaqiyatli biznes yuritish, investitsiyalarni jalb etish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish va xalqaro bozorga chiqish masalalari yuzasidan foydali ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Bunday amaliy tadbirlar yangi biznes g‘oyalarini ilgari surish, investitsiya loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda hududlarda tadbirkorlikni yanada jadal taraqqiy etishga xizmat qiladi. 

Tadbirning o‘zaro muloqot sessiyalarida tadbirkor, fermer va hunarmandlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar oldi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.