Bugungi kunda Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlarga yaqindan ko‘mak berish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2024 yilda Biznes-ombudsman devoniga, shuningdek, Tadbirkor virtual ofisi orqali jami 17 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan.
Kelib tushgan murojaatlar asosida tadbirkorlarga 34 milliard so‘mdan ortiq kredit ajratilishida, 16 milliard so‘m pul mablag‘larini undirishda va 14 milliard so‘m miqdorida asossiz to‘langan soliq summalari qaytarilishida yordam ko‘rsatilgan.
Shunga ko‘ra, Biznes-ombudsmanga Surxondaryo viloyatida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkor pul mablag‘i undirilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.
Aniqlanishicha, tadbirkor Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali bilan relef maketini o‘rnatib berish bo‘yicha 148 million so‘mlik shartnoma imzolagan. Biroq tadbirkor tomonidan shartnoma shartlari to‘liq bajarilgan bo‘lsa-da, universitet tomonidan va’da qilingan mablag‘ to‘lab berilmagan.
Biznes-ombudsman devoni aralashuvi natijasida tadbirkorga pul mablag‘lari to‘liq to‘lab berilib, murojaat ijobiy hal etildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA