Mamlakatimizda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga ustuvor vazifa sifatida qaraladi.
Xususan, tadbirkorlarning infratuzilma va boshqa sohadagi muammolarini o‘z vaqtida hal etish faoliyat samaradorligining yanada ortishiga xizmat qiladi. Ayrim mansabdor shaxslar tomonidan esa tadbirkorlarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqmaslik ularning ayrim muammolari hal etilmasligiga sabab bo‘lmoqda.
Shunga ko‘ra, sirdaryolik tadbirkor gaz ta’minoti korxonasi xodimlarining xatti-harakatidan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, 2023 yil 14 aprelda Sirdaryo tuman gaz ta’minoti xodimlari tomonidan stomatologiya binosi tekshirilib, dalolatnoma tuzilgan. Shu asosda Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tuman sudi tomonidan gaz ta’minoti foydasiga qaror qabul qilingan.
2023 yil 13 sentyabr kuni MIB Sirdaryo tuman bo‘limi tomonidan tadbirkordan 7,6 million so‘m undirilgan va Bosh prokuratura maxsus depozit raqamiga o‘tkazilgan. Biroq ushbu to‘langan qarzdorlik gaz ta’minoti hisob raqamiga tushmagan. Natijada tadbirkorga 5,3 million so‘m penya hisoblangan.
Vakil devoni xodimlarining amaliy yordami bilan jarima va qarzdorlikni to‘lash yuzasidan sud qarori qabul qilingan kundan boshlab hisoblangan penya bekor qilinishiga erishilib, murojaat qanoatlantirilgan.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA