Tadbirkorga mulki uchun to‘lanmagan kompensatsiya puli sud yordamida undiriladi
Jamiyat rahbari E.Sobirov ushbu masalada Andijon viloyati ma’muriy va iqtisodiy sudlari raislari tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabulda murojaat qildi.
“Farruh Farhod tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati balansidagi savdo komplekslari Buloqboshi tumani xokimligi qaroriga asosan buzib tashlangan. Biroq tadbirkorga buning uchun kompensatsiya puli to‘lanmagan.
Jamiyat rahbari E.Sobirov ushbu masalada Andijon viloyati ma’muriy va iqtisodiy sudlari raislari tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabulda murojaat qildi.
Tadbirkorga Xo‘jaobod tumanlararo iqtisodiy sudiga Buloqboshi tuman xokimligiga nisbatan kompensatsiya pullarini undirish to‘g‘risida da’vo arizasi bilan murojaat qilish huquqi mavjudligi tushuntirildi. Tadbirkor ham o‘ziga yetkazilgan zararni sud orqali undirib oladigan bo‘ladi.
Buloqboshi tumanidagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda nafaqat tadbirkorlar, balki aholi vakillari ham ishtirok etdi.
Oliy sud matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, sayyor qabulda 17 nafar fuqaroning murojaati ko‘rib chiqilgan. Yetti murojaat joyida hal etildi. Ayrim shaxslar jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. 10 nafar fuqaroning murojaati yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Shu kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Buloqboshi tumani sudi tomonidan D.Tojiqulovning arizasi ko‘rib chiqildi. Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan u hali o‘talmagan 10 oy 13 kun axloq tuzatish ishlari jazosidan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.