Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, muammolarini hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Turli davlat boshqaruv idoralari, jamoat tashkilotlari tomonidan mazkur yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Biznes-ombudsman devonining Andijon viloyati shu’basi mutaxassislari olib borayotgan ishlar ham e’tiborga molik.
Biznes-ombudsman devonining Andijon viloyati shu’basiga Shahrixon tumanida faoliyat yurituvchi “Ulkan Fayz Hamkorlik” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun kredit ajratish bo‘yicha AT “Aloqabank” Andijon hududiy kompleks xizmatlar ko‘rsatish markaziga bergan arizasi ijobiy hal etilmayotganligi yuzasidan “murojaat.gov.uz” orqali yo‘llangan murojaat kelib tushgan.
Murojaatda ta’kidlanishicha, kredit olish bo‘yicha tadbirkorlik sub’ekti bankning barcha talablarini bajargan bo‘lishiga qaramay, kredit mablag‘ining o‘tkazilishi to‘xtab qolgan. Bir oy davomida bankka bir necha marotaba murojaat qilinganligiga qaramay, masala ijobiy yechim topmasdan kelayotgan edi. Murojaat Biznes-ombudsman vakil devoni xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilib, tadbirkorga zarur huquqiy va amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Ya’ni Biznes-ombudsman vakil devoni xodimlarining aralashuvi bilan “Ulkan Fayz Hamkorlik” MCHJga AT “Aloqabank” Andijon hududiy kompleks xizmatlar ko‘rsatish markazi tomonidan 12.07.2024 yilda 70 million so‘m, 16.07.2024 yilda esa yana 30 million so‘m kredit mablag‘lari ajratilishi ta’minlanib, murojaat ijobiy hal etildi.
Davlatimiz rahbarining o‘tgan yili o‘tkazgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «uzluksiz xizmatlar zanjiri»ni yaratish maqsadida 2023 yil 14 sentyabrda Prezidentimizning “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Mazkur hujjatga asosan, Biznesni rivojlantirish banki tomonidan ijobiy kredit tarixiga ega kichik tadbirkorlik sub’ektlariga soddalashtirilgan kreditlash tizimini joriy qilish, Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi esa biznes jarayonlarini, shu jumladan, kredit ajratishning barcha bosqichlarini avtomatlashtirgan holda tashkil etish, onlayn tarzda muvofiqlashtirib borish uchun Biznes platformasini yuritishi belgilangan. Ayni kunda belgilangan tartiblar amaliyotga joriy etilib, tadbirkorlarga soddalashtirilgan kreditlash tizimi asosida kreditlar ajratilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha joriy yilning 1-yarmida tadbirkorlardan Biznes-ombudsman devoniga 142 ta murojaat kelib tushgan.
Murojaatlarning asosiy qismini soliq, bank va kredit olish, yer, kadastr va arxitektura xizmatlari, sud qarori va ijrosi, tekshiruvlar va boshqa masalalar tashkil etadi. Murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etilgan.
F. Ubaydullayev, O‘zA muxbiri