Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Tadbirkorga ko‘mak” markazlari ish boshladi
16:42 / 2022-08-02

“Soliqchi tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida soliq to‘lovchilarga yanada sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatning shahar va tumanlarida “Tadbirkorga ko‘mak markazlari” faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Xususan, ana shunday markazlardan biri Qarshi shahridagi “Yerqo‘rg‘on” oziq-ovqat dehqon bozorida barpo etildi. Hududdagi tadbirkorlar soliq sohasiga oid biror muammoni hal etish uchun bevosita davlat soliq inspeksiyasiga bormasdan o‘zlariga har tomonlama qulay bo‘lgan “Tadbirkorga ko‘mak markazi”ga tashrif buyurgan holda masalaga oydinlik kiritishlari mumkin. Albatta, ushbu jarayon tadbirkorning ham vaqti, ham naqdi tejalishiga xizmat qiladi. 

E’tiborlisi, ushbu markazga bir nafar soliq idorasi xodimi biriktirilgan bo‘lib, soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Soliq to‘lovchi uchun eng quvonarlisi, markazdagi barcha xizmatlar bepul. Bu yerda fuqarolarga soliq qonunchiligiga oid so‘nggi o‘zgarishlarni tushuntirish bilan birga, tadbirkorlarga hisob varaq fakturalarni rasmiylashtirish, soliq hisobotlarini yuborish, qulay soliq rejimini tanlash, dastlabki buxgalteriyani yuritish kabi masalalar yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.  

– Ushbu markazning tashkil etilgani biz hisobchilar uchun katta qulayliklar yaratib berdi, – deydi Saidaxon Yo‘ldosheva. – Endilikda biz soliq idoralari bilan bog‘liq barcha masalalarni shu markaz orqali hal etamiz. Bu esa bizga vaqtimizni tejashga yordam beradi.  

“Tadbirkorga ko‘mak markazi” faoliyati Shahrisabz shahridagi markaziy dehqon bozori hududida ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu yerda ham “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili doirasida amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Markazga tashrif buyurgan tadbirkorlarga soliq sohasiga oid yangiliklarni yetkazish bilan birga, ularni qiynayotgan masalalarni joyida hal etish choralari ko‘rilmoqda. Bu yerda ham hududdagi tadbirkorlarning og‘irini yengil qilish, soliqqa oid muammolarini tezkorlik bilan hal etish, xususan, ularga soliq hisobotlarini to‘g‘ri yuritishga hamda boshqa texnik xizmatlarni ko‘rsatishga ko‘maklashish choralari ko‘rilmoqda.  

– “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili bugungi kunda davlat soliq idoralari faoliyatining asosiy yo‘nalishga aylanib bormoqda, – deydi Shahrisabz shahar davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Humoyun Eshboltayev. – Shahrisabz shahar davlat soliq inspeksiyasi tomonidan tadbirkorlarga ko‘mak berilib, ularning muammolari o‘rganilmoqda. Zarur maslahatlar berilmoqda. O‘z faoliyatini boshlagan “Tadbirkorga ko‘mak markazi” ham ana shu maqsadlarga xizmat qiladi. Aytish joizki, viloyatdagi “Tadbirkorga ko‘mak markazlari”ning aynan tadbirkorlar yonida tashkil etilayotgani tadbirkorlarning muammolarini ijobiy hal etish hamda ularga soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlarni muntazam yetkazib turishda muhim ahamiyat kasb etadi.  

O‘lmas Barotov, 
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.