Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorga jarima solindi
17:00 / 2023-11-02

Samarqand viloyat adliya boshqarmasiga “Sosiete des Produits Nyestle S.A.” (Shveysariya) kompaniyasining ishonchli vakili A.Labanov murojaat qilib, Samarqandda faoliyat yurituvchi “A.-B.” MCHJ intellektual mulk huquqlarini buzganligi, ya’ni o‘zganing tovar belgisiga o‘xshash belgidan qonunga xilof ravishda foydalanganini bayon etgan.

Mazkur murojaat asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilgan holda “A.-B.” MCHJning faoliyati o‘rganilgan.

Samarqand viloyati adliya boshqarmasining ma’lum qilishicha, “Sosiete des Produits Nyestle S.A.” (Shveysariya) kompaniyasiga tegishli “48 kopeyek” so‘z ko‘rinishidagi tovar belgisi (MGU 42922-sonli guvohnoma) 2021 yilda tovar va xizmatlarning xalqaro klassifikatsiyasining 30-sinfiga nisbatan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. 2018 yil 25 oktyabrda esa “A.-B.” MCHJ Intellektual mulk agentligidan MGU 34572-sonli “48 kopeyek” tovar belgisi uchun guvohnoma olgan. Keyinchalik, Adliya vazirligi apelatsiya kengashining qarori bilan 2021 yil 6 may sanasida mazkur tovar belgisi haqiqiy emas, deb topilgan. Shunga qaramasdan korxonaning ishlab chiqarish va sotish binosi ko‘zdan kechirilganda “48 kopeyek” jamlanma ko‘rinishidagi tovar belgisiga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan belgidan foydalangan holda muqaddam ishlab chiqarilgan muzqaymoq mahsuloti sotilayotganligi aniqlangan. Vaholanki, aynan ushbu huquqbuzarlik holati bo‘yicha “A.-B.” MCHJ rahbari 2022 yilda ham ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Qonunchilikda tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisini yoki shu belgi bilan belgilangan tovarni ruxsat berilmagan tarzda tayyorlash, qo‘llash, olib kirish, savdoga taklif etish, sotish, o‘zgacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish yoki ularni shu maqsadda saqlash yoxud ular bilan adashtirib yuboradigan darajada aynan o‘xshash bo‘lgan bir xildagi tovarlarni belgilash tovar belgisiga doir mutlaq huquqni buzish sifatida baholanadi. Bundan tashqari, tovar belgisidan yoki adashtirib yuborish darajasida u bilan o‘xshash bo‘lgan belgidan tovarlarda, tovarlarning etiketkalarida, o‘rovlarida qonunga zid ravishda foydalanilganda ular kontrafakt hisoblanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risidagi” qonunning 371-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 martadagi (PF-89) farmonining 9-bandiga muvofiq Samarqand viloyat adliya boshqarmasi “A.-B.” MCHJga o‘zganing tovar belgisiga o‘xshash belgidan qonunga xilof ravishda foydalanganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari miqdorida (33 million so‘m) jarima solish to‘g‘risida qaror qabul qildi hamda huquqbuzardan jarima undirildi. Shuningdek, mazkur huquqbuzarlik holatini keltirib chiqaradigan sabablar va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha huquqbuzarga nisbatan taqdimnoma kiritildi.

G‘.Hasanov,  

O‘zA muxbiri