Ma’lumki, tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan har qanday tekshirish, monitoring va nazorat tadbirlarida adolat mezonlari va qonun ustuvorligi muhim sanaladi. Bu borada Biznes-ombudsman devoni vakillari tadbirkorlarning ishonchli vakiliga aylanib ulgurgan.
Shu sabab devonga tadbirkorlar tomonidan yuzlab murojaatlar tushadi. Toshkent viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi “Javlon plyus” (nomi o‘zgartirilgan) qishloq xo‘jalik korxonasi rahbari amaliy yordam so‘rab, Biznes-ombudsman devoniga murojaat qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, korxona 1,33 gektar yer maydonida tashkil etilgan issiqxona uchun “sanoat korxonasi” sifatida baholanib, 73 million so‘m qo‘shimcha soliq hisoblangan va hisob-raqamlari hamda mol-mulkiga band solingan.
Murojaat devon xodimlari tomonidan soliq va kadastr organlari vakillari ishtirokida joyiga chiqib o‘rganildi. O‘rganish natijasida issiqxona joylashgan yer maydoni noturar joy toifasida ekani aniqlandi.
Ko‘rilgan amaliy choralar natijasida qayta soliq hisob-kitoblari amalga oshirilib, ortiqcha hisoblangan soliq bekor qilindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA