Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorga aylangan Ruxsora
16:54 / 2024-07-08

Navoiy viloyati Karmana tumanilik Ruxsora Sayfiddinova yoshligidan tikuvchilikka, turli dizaynlar yaratishga qiziqardi. Avvaliga o‘z oila a’zolariga kiyimlar tikdi. Keyin qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘ydagilar uning mijoziga aylandi. Ruxsora oddiygina qiziqishi qachondir uni tadbirkorga aylantirishini xayoliga ham keltirmagan.

Yosh tikuvchi qiz turmushga chiqqach, uzatilgan oilasida ham qarab turmadi, oila ishlari, kelinlik vazifasidan ortib, sevimli ishi – tikuvchilikni davom ettirdi. Yakka tartibda buyurtmalar olib, turli fasondagi kiyimlar tikdi. Xullas, ko‘pning ko‘nglidan chiqdi. Tikuvchi kelinning ishtiyoqi asli ishbilarmon bo‘lgan turmush o‘rtog‘i va oila a’zolarini befarq qoldirmadi. Uning qiziqishlarini rag‘batlantirish, faoliyatini kengaytirishga yordam berdi.  

– Tadbirkorlik faoliyatini bundan ikki yil oldin davlatdan imtiyozli kredit olib boshlaganmiz, – deydi R.Sayfiddinova. – Turmush o‘rtog‘im Akmal Quvondiqov bilan birga “Atelye Akmal Grand” oilaviy korxonasini ochdik. Sexga zamonaviy tikuv mashinalari keltirdik. Avvaliga ijaraga joy olib, ishlashimizga to‘g‘ri keldi. Dastlab, seximizda 5 nafar xodim bor edi. Keyin Talqoq mahallasidan joy olib, o‘zimiz sex qurdik. Bosqichma-bosqich, tikish uskunalari va ishchilarni ko‘paytirdik. Hozirda 20 nafar doimiy ishchimiz, 60 taga yaqin mashinkamiz bor. O‘zimiz alohida savdo do‘koni ham tashkil etdik. Sexda tikiladigan kiyimlarni savdo do‘koniga topshiramiz. U yerda ham 10 nafardan ortiq ishchi xodimlarimiz bor.    

Sexda asosan buyurtma asosida korxona, tashkilotlardagi ishchi-xodimlarga 10 turdagi mavsumbop maxsus kiyimlar tikiladi. Tadbirkorning aytishicha, bitta tashkilotdan xodimlar soniga qarab 100 donagacha buyurtma olinadi. Hozirda huquq, favqulodda vaziyatlar, yo‘l qurilishi, gaz, elektr energiyasi, suv, tibbiyot sohasi xodimlari uchun buyurtmalar olingan. Bundan tashqari, alohida buyurtmalar asosida fuqarolarga ham mavsumbop kiyimlar tikilmoqda.  

Kiyimlar sexning o‘zida bichilib, shu yerda tikiladi. E’tiborli jihati, tikilayotgan maxsus kiyimlarning har bir detali uchun alohida xodim ishlaydi. Xodimlarga ish hajmiga qarab oylik maosh to‘lanadi.  

Akmal Quvondiqov va Ruxsora Sayfiddinovalar hali yosh oila. Ammo ular “biz hali niholmiz, oilamizning oyoqqa turishi uchun bizga ish kerak”, deb qaysidir tashkilotning eshigini qoqqani yo‘q. Ular o‘z harakatlari bilan bugun tadbirkorga aylangan. Hozirda ularning ishbilarmonligi, mehnatsevarligi bilan “Talqoq”ning bir necha oila vakillari ish bilan band, ro‘zg‘orlari but. Eng muhimi, ular halol mehnat baraka keltirishini, yoshlarga berilayotgan imtiyozlardan unumli foydalanish farovon hayot sari yetaklashini amalda isbotlamoqda.  

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri