English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorga asossiz hisoblangan soliq bekor qilindi
17:33 / 2022-06-28

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishda muhim oʻrin tutadi.

Keyingi yillarda ushbu soha vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan oʻnlab turli qonun hujjatlari qabul qilindi va amaliyotga tatbiq etildi.

Tadbirkorlik faoliyatini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, turli ruxsatnomalar olish va boshqa koʻplab xizmatlar tartib-qoidalari soddalashtirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil (Biznes-ombudsman) lavozimi joriy qilindi.

Biznes-ombudsman devoniga oʻz huquqlarini himoya qilishni soʻrab murojaat qilayotgan tadbirkorlar safi koʻpaymoqda. Muhimi, ularning murojaatlari, muammolari yechim topmoqda.

“DRC” masʼuliyati cheklangan jamiyatining shikoyat arizasi Vakil tomonidan oʻrganib chiqildi.

Aniqlanishicha, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan jamiyat faoliyatida kameral soliq tekshiruvi oʻtkazilgan va natijasiga koʻra tegishli qarori qabul qilingan. Jamiyatga 143 million 270 ming 535 soʻmlik qoʻshilgan qiymat soligʻi summasiga teng bitimlar Soliq kodeksining 14, 15 va
266-moddalariga asosan qalbaki yoki koʻzboʻyamachilik uchun tuzilgan, deb baholangan.

Biroq, tekshiruv davomida soliq idoralari tomonidan Soliq kodeksining 28-bobida soliqqa oid huquqbuzarliklar va ularni sodir etganlik uchun javobgarlik belgilangan boʻlsada, tekshiruvchi masʼul xodimlar tomonidan mazkur kodeksning qayd etilgan bobida keltirilgan soliqqa oid huquqbuzarliklarning hech biri bayon etilmagani va jamiyatga nisbatan asossiz ravishda soliq hisoblangani maʼlum boʻldi.

Mazkur holat yuzasidan Vakil devoni xodimlarining Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasining kameral soliq tekshiruvlari natijasiga koʻra qabul qilingan qarorini haqiqiy emas, deb topish uchun Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudiga berilgan ariza toʻliq qanoatlantirildi.

Bundan tashqari, Vakil devonida “TT» masʼuliyati cheklangan jamiyati murojaati oʻrganib chiqilgan boʻlib, tadbirkor tomonidan Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasiga jamiyatning 86 million 442 ming 799 soʻm miqdordagi qoʻshimcha qiymat soligʻi summasini qoplash yuzasidan bergan arizasi belgilangan tartibda va muddatlarda koʻrib chiqilmagan.

Vakil devoni tomonidan jamiyatning huquqlarini taʼminlash maqsadida qoʻyilgan qonuniy talablarga muvofiq Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan masalani qayta koʻrib chiqish natijasiga koʻra, “nol” stavkani qoʻllash natijasida hosil boʻlgan va qaytariladigan qoʻshimcha qiymat soligʻining ortiqcha summasi 2020-yil uchun taqdim qilingan hujjatlarni tekshirish asosida toʻlovchida 06.06.2022-yil holatiga umumiy qoʻshimcha qiymat soligʻi summasi 86 million 442 ming 799 soʻmni tashkil etgani tasdiqlandi.

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasining tegishli xulosasi qabul qilindi va qayd etilgan summa jamiyatga qaytarilishi taʼminlandi.

Bahrom Bobomurodov,

Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy
manfaatlarini himoya qilish boʻyicha
vakil devoni yetakchi inspektori.

OʻzA