Mamlakatimizda kun sayin ishbilarmonlik muhiti yaxshilanmoqda. Sohada yangi ishlab chiqarish turlari ko‘payib, son va sifat uyg‘unligiga erishish yo‘lida qator imtiyoz va imkoniyatlar berilmoqda.
Tadbirkorlarning haq-huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Biznes-ombudsman tomonidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu sababli bugungi kunda tadbirkorlar o‘z muvaffaqiyati yo‘lida to‘siqqa uchrasa, avvalo Biznes-ombudsmanga murojaat qiladi.
Xususan, Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi "Ziyo nur" (nomi o‘zgartirilgan) MCHJ mol-mulk solig‘i bo‘yicha ortiqcha undirilgan mablag‘larni qaytarishda amaliy yordam so‘rab Biznes-ombudsman devoniga murojaat qildi.
Devon tomonidan tekshiruvlar davomida ma’lum bo‘lishicha, jamiyat o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkni Kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion tizimi (UZKAD) orqali qayta baholashi natijasida soliq inspeksiyasi tomonidan 151 million so‘m ortiqcha mol-mulk solig‘i undirilgan. Tadbirkorning murojaatlari asosida ortiqcha undirilgan mol-mulk solig‘ining bir qismi qaytarilgan xolos.
Biznes-ombudsman devoni aralashuvi natijasida mol-mulk solig‘i bo‘yicha tadbirkordan ortiqcha undirilgan mablag‘lar to‘liq qaytarilgan.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA