Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkordan ortiqcha bojxona to‘lovi undirishga oid urinishlar bartaraf etildi
11:27 / 2024-05-15

Biznes-ombudsman tadbirkorlar faoliyatiga asossiz aralashuvlar, noqonuniy tekshiruvlarni bartaraf etishda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Shunga ko‘ra, Biznes-ombudsman devoniga Qarshi shahrida ro‘yxatdan o‘tgan “Sardor” (nomi o‘zgartirilgan) xususiy korxonasi o‘ziga nisbatan bojxona organi tomonidan salkam 70 million so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovi to‘lash talab qilayotgani, buning ustiga jarima ham undirilishi belgilanganidan norozi bo‘lib murojaat qildi.  

Aniqlanishicha, tadbirkor 2022 yilda neft mahsulotlari importi bilan shug‘ullangan va O‘zbekistonga tovar yetib kelgandan so‘ng bojxona to‘lovlarini to‘lab, tovarni ichki bozorda realizatsiya qilgan.  

Oradan bir yil o‘tgandan so‘ng tadbirkordan 69,5 million so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovi to‘lash haqida talabnoma yuboriladi. 

Bundan tashqari, tadbirkor bojxona organiga to‘lov miqdorini kamaytirish uchun asos bo‘ladigan noto‘g‘ri ma’lumot taqdim qilganlikda ayblanib, ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudiga oshiriladi va sud tomonidan ish bir tomonlama ko‘rib chiqilib, tadbirkorga MJtKning 227-25-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari miqdorida jarima qo‘llanadi. Bu qarorni Qashqadaryo viloyat sudi ham o‘zgarishsiz qoldiradi.  

Biroq Biznes-ombudsman devoni xodimlari ko‘magida kiritilgan shikoyat 2024 yil 7 mayda Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqilib, jarima qo‘llash to‘g‘risidagi quyi sud qarorlari bekor qilindi.Tadbirkor manfaati iqtisodiy sudlarda ham himoya qilinib, 69,5 million so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovi to‘lanmaydigan bo‘ldi.  

 

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA