Iqtisodiyotning barqarorligi eksportga bog‘liq. Shu bois bugungi kunda yurtimizda raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish hamda ularni eksport qilish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.
Albatta, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilish orqali valyuta tushumi ortadi, jahon bozoriga raqobatdosh mahsulot chiqarishga erishiladi. Bu esa korxonalar iqtisodiy barqarorligini ta’minlab, yangi ish o‘rinlari yaratilishi, ishsizlik darajasi kamayishiga olib keladi.
– Navoiy shahrining eksport salohiyatini oshirish maqsadida hududdagi eksport qiluvchi korxonalar faoliyati doimiy monitoring qilib borilmoqda, – deydi shahar Investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi mutaxassisi Sarkorbek Qurbonov. – Davlatimiz tomonidan korxonalarda yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal qilish, eksport qiluvchi korxonalarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ko‘plab imtiyozlar joriy etilgan. Jumladan, ularning transport xarajatlari bir qismi va xorijiy davlatlarda ko‘rgazmalar tashkil etish xarajatlari kompensatsiya qilinmoqda. Prezidentimizning 2022 yil 30 sentyabrdagi “Tadbirkorlik sub’ektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 1 noyabrdan boshlab bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 5 foizidan oshmagan taqdirda muddati o‘tgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan jarima qo‘llanilmaydi. Shuningdek, eksport qiluvchi tashkilotlarga foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq solinadigan bazani kamaytirish ko‘rinishidagi imtiyozlar tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumdagi eksport hajmining ulushidan qat’i nazar qo‘llaniladi.
[gallery-10064]
Navoiy shahrida 2021 yilda eksport qiluvchi korxonalar soni 26 tani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning 1 dekabr holatiga ular soni 39 taga yetdi. Hududiy korxonalar tomonidan joriy yil uchun belgilangan 16 million 821,2 ming dollar o‘rniga 22 million 172,5 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. Shuningdek, joriy yilda Belarus, Ozarbayjon davlatlari bilan o‘rnatilgan o‘zaro hamkorlik natijasida beshdan ortiq yangi mahsulot turlari eksport qilindi.
“TIANCHENG STONE” MCHJ xitoylik hamkorlar ko‘magida 2019 yilda tashkil etilgan bo‘lib, granit toshini qayta ishlab, qurilish tashkilotlarini 12 turdagi mahsulot bilan ta’minlaydi.
– Korxonamizning loyiha qiymati 18,1 million AQSH dollarini tashkil etib, yillik quvvati 100 ming m3 granitni qayta ishlash imkoniyati mavjud, – deydi korxona direktori o‘rinbosari Otajon Hojiyev. – Hozirda Xatirchi tumani “Ko‘ksaroy” hududida granit karerimiz mavjud. Mahsulotlarimiz xorijga eksport qilinadi. Joriy yilning 11 oyida 7 million AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qildik. Mahsulotlarimizga asosan Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston davlatlari tomonidan katta qiziqish bildirilyapti.
Tadbirkorlik sub’ektlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlansa, rivojlanish bo‘ladi. bugungi kunda eksport qiluvchi korxonalarga nafaqat soliq imtiyozlari, balki hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish hamda aholi bandligini ta’minlashda bojxona sohasida bir qator imtiyozlar va qulayliklar yaratilmoqda.
Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 2022 yil yanvar-noyabr oylari davomida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 39 ta korxona va tashkilotlarga jami 175,5 milliard so‘mlik bojxona to‘lovlarini to‘lash muddatlari 120 kungacha kechiktirib berildi.
– Joriy yil o‘tgan 11 oyi davomida 480 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan tovarlar xorij bozorlariga yo‘naltirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 80 million AQSH dollariga ko‘p, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi Axborot xizmat rahbari Akbar Rizoqulov. – Mahsulotlar qirqqa yaqin davlatga eksport qilingan bo‘lib, asosiy hamkorlar orasida Kanada, Fransiya, Xitoy, Rossiya, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlarini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Bojxona postlarida esa yanvar-noyabr oylarida jami 12 ming 174 ta bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilib, 3 ming 279 ta bojxona ko‘riklari amalga oshirildi.
Darhaqiqat, Prezidentimiz har bir uchrashuv va yig‘ilishlarida tadbirkorlar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanligini ta’kidlaydi. Albatta, bugungi kunda mamlakat iqtisodiyotini yanada yuksaltirishda, yangi ish o‘rinlari yaratilishida tadbirkorlarimizning alohida o‘rni bor.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA