Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorda insof ham bo‘lishi kerak
12:12 / 2022-10-29

Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarishni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida tashkil etilayotgan korxonalarga juda katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Tijorat banklari tomonidan imtiyozli kredit mablag‘lari ajratishga alohida e’tibor qaratilayotir.

Hukumatimiz tomonidan o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib olishi uchun ko‘plab imtiyozlar yaratib berilayotganiga qaramay ayrim kimsalar ushbu imkoniyatlarni suiste’mol qilib, ajratilgan mablag‘larni noqonuniy yo‘llar bilan o‘zlashtrilib, talon-taroj qilish holatlari ham uchrayotgani juda afsuslanarli hol.    

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jizzax shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda, “YKAMAN” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ildamboy Aldamboyev (maqoladagi geografik atamalar va personajlarning ismi-shariflari o‘zgartirilgan) hududiy tijorat banki filialidan mehmonxona binosini jihozlash uchun ajratilgan 1 milliard 500 million so‘m kredit mablag‘ini boshqa maqsadlarda sarflab yuborganligi aniqlandi.

Achinarlisi, shaharda bu kabi holatning yagona emasligi. Xuddi shunga o‘xshash noqonuniy “operatsiya” fuqaro Ilishqul Egriqul o‘g‘li Shapiqulovning nomiga “Zamon Malak” MCHJni tashkil etib, savdo va maishiy hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish majmuasini jihozlash uchun bank filialidan 1 milliard 400 million so‘m kredit olgan. U ushbu mablag‘larni o‘zlashtirish maqsadida, tovarlar yetkazib berilganligi haqida yuk xatlarini noqonuniy yo‘l bilan rasmiylashtirish orqali ana shu 1 milliard 400 million so‘mni boshqa MCHJlarga o‘tkazib, talon-toroj qilganligi aniqlandi.

Har bir qo‘ygan nojo‘ya qadamning javobi bor. Mana, “O‘zim xon – ko‘lankam maydon” qabilida ish tutgan ushbu MCHJlar mas’ullari endi qonun oldida javob berishadi. Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

A.QAYUMOV, O‘zA