Samarqand davlat chet tillar institutida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida barpo etilgan talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 sentyabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga ko‘ra, Samarqand davlat chet tillar instituti hududidan 0,30 gektar yer maydoni ajratilib, tashabbuskor – “Z-P-A” oilaviy korxonasi tomonidan besh qavatli, 500 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turar joyi bunyod etildi. Buning uchun tadbirkor o‘z hisobidan 32 milliard so‘m mablag‘ sarfladi.
– bugungi kunda institutimizda 12 ming nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda, – deydi Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilhomjon To‘xtasinov. – Ulardan 5 mingdan ortig‘i turli viloyatlardan va chekka tumanlardan kelib o‘qiydi va talabalar turar joyiga ehtiyoji bor. Shu paytgacha talabalar institutning uchta yotoqxonasidan foydalanib kelayotgan edi. Endi imkoniyatlarimiz yana ham kengaydi.
Hukumat qarorida belgilanganidek davlat-xususiy sheriklik tartibida qurilgan talabalar turar joyining 20 foizgacha bo‘lgan qismidan tadbirkor qonunchilikda taqiqlanmagan faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkin. Mazkur tartibga ko‘ra, yangi talabalar turar joyining birinchi va ikkinchi qavatlarida xususiy sherik tomonidan oshxona, o‘quv markazlar, sartaroshxona, kir yuvish xonasi, talabalar ehtiyojiga mos savdo do‘konlari tashkil etilgan.
Qarorda 2022-2025 yillarda Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari uchun 8 ming o‘rinli 20 ta talabalar turar joyi qurish, jumladan, joriy yilda 6 tasini foydalanishga topishirish ko‘zda tutilgan.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA