Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkor yoshlar safi kengaymoqda
14:18 / 2015-12-09

Yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida yoshlarning ulushini oshirish, ularning bo‘sh vaqtlari unumli o‘tishi hamda bandlikni ta’minlashda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Mamlakatimizda o‘qiyman, oilamga, yurtimga naf keltiraman degan kishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi Bobur Zokirov. – Men ham ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanib,bundan to‘rt yil ilgari “Ziyo globus” korxonasini tashkil qildim. Avvaliga ikki kishi ishlagan bo‘lsak, hozir korxonamizda yigirma kishi mehnat qiladi.

Ishbilarmon yigit bunday natijaga o‘z-o‘zidan erishgani yo‘q. Izlandi, mehnat qildi, ijodiy salohiyatini ishga soldi. Uning aytishicha, bugungi kunda globus ishlab chiqarish jahonning sanoqli mamlakatlaridagina yo‘lga qo‘yilgan. Italiya, Germaniya, Rossiya, Xitoy va O‘zbekiston shular jumlasidan. Bobur Zokirov rahbarlik qilayotgan “Ziyo globus” firmasi Markaziy Osiyoda globus ishlab chiqaruvchi yagona korxona hisoblanadi. Korxonada har oyda uch mingga yaqin globus va yigirma turdagi o‘quv qurollari tayyorlanmoqda.

Tashabbuskor yigitning intilishlari doimo e’tiborda. Bobur Zokirov o‘tgan yili “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” ko‘rik-tanlovida g‘olib, deb topildi va “Mikrokreditbank”dan 35 million so‘m imtiyozli kredit olishga muvaffaq bo‘ldi. Joriy yilda “Ziyo globus” korxonasi “Tashabbus – 2015” respublika ko‘rik-tanlovida “Mening yurtim mahsuloti jahon bozorida” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Bobur O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23-yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida yoshlarning ulushini oshirish, ularning bo‘sh vaqtlari unumli o‘tishi hamda bandlikni ta’minlashda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishidagi loyihalar sabab ishbilarmon va tashabbuskor yigit-qizlar safi kengaydi. Bu boradagi ezgu sa’y-harakatlarni amalga oshirishda Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal bo‘layotir.

Qarorga muvofiq kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb qilish, ularning tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiluvchi “Mening biznes g‘oyam”, “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor”, "Mutaxassislik – sening kelajaging", “Biznes avtobus”, “Ta’lim va mutaxassislik” singari o‘nlab loyihalar hayotga tatbiq qilinmoqda.

Toshkent tibbiyot akademiyasini tamomlagan Xushnud Yormatov ham “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” loyihasida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu yutuq uning orzulari amalga oshishiga zamin hozirladi. Tanlov imtiyozlaridan oqilona foydalanib, yosh shifokor bankdan 80 million so‘m imtiyozli kredit olib, xususiy klinika ochdi.

Ayni paytda “Mirjalol doktor” deb nomlangan mazkur shifo maskanida urologiya, ginekologiya, nevrologiya, stomatologiya yo‘nalishlari bo‘yicha malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.

– Klinikamizda o‘n besh ishchi o‘rni yaratilgan, – deydi X.Yormatov. – Xodimlarning asosiy qismi yoshlar. Hammamiz ishimizdan, hayotimizdan mamnunmiz. Kishi o‘zi qiziqqan sohada mehnat qilsa, yangi-yangi marralarni zabt etishga, yaxshi natijalarni qo‘lga kiritishga ishtiyoqi ortib boraverar ekan.

Mamlakatimizning barcha hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan “Yosh tadbirkor” konsultativ markazlari Xushnud singari ilg‘or fikrli yigit-qizlarga har tomonlama ko‘mak berib kelmoqda. Bu markazlarda yoshlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishi, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar, joriy qilingan huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati bilan doimiy tanishib borishi mumkin. Eng muhimi, bo‘lajak tadbirkorlarga tijorat banklaridan imtiyozli mikrokredit olish borasida maslahatlar berib boriladi.

Konsultativ markazlar birgina shu yilning o‘zida ikki mingga yaqin yoshga maslahat berib, ularga umumiy qiymati 25 milliard 625 million so‘mlik imtiyozli kredit olish uchun ko‘maklashdi. Ko‘plab seminar-trening va aksiyalar tashkil etilib, ushbu tadbirlarda oltmish besh mingga yaqin yosh qamrab olindi.

Bolaligidan buvisi tikkan kashtalarni ko‘rib, matoga naqsh tikishga havasi uyg‘ongan navoiylik Guljamol Islomova ham yosh tadbirkorlardan.

– Qiziqishimni payqagan onam meni bolaligimdayoq kashtachilik to‘garagiga bergan edi, – deydi G.Islomova. – Maktabda, oilada qo‘l mehnatiga e’tibor kuchliligi bois chevarlikka qiziqishim yanada ortdi. Tikkan buyumlarimni “Tashabbus”, “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” tanlovlariga topshirdim. Shunday tadbirlar sabab menda biznes boshlash niyati tug‘ildi. Kollejda o‘qish asnosida “Tadbirkor ayol” uyushmasi ko‘magi bilan “Nur so‘zana” milliy kashtachilik sexini tashkil qilishga muvaffaq bo‘ldim. Hozir bu yerda o‘ttizdan ziyod turda mahsulot ishlab chiqarmoqdamiz. Ayollar kostyumi, dasturxon, yostiq, ko‘ylak, so‘zana kabi buyumlarimiz asosan buyurtma asosida tikiladi.

“Nur so‘zana”da ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham xaridorgir. Korxonada o‘ndan ziyod qizlar ish bilan band. Bundan tashqari, hunar o‘rganish istagidagi yoshlar uchun to‘garak tashkil etilgan.

Bu yil yigirma bir yoshni qarshilagan tadbirkor qiz “Tashabbus – 2015” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida “Yilning eng yosh tadbirkori” sifatida e’tirof etildi.

Navqiron avlod vakillari erishayotgan bunday yutuqlarga yana ko‘plab misollar keltirish mumkin. Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarni izlanishga, halol mehnat qilib, farovon yashashga undash borasida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar o‘z samaralarini bermoqda.