French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkor: “yashil” texnologiyalar ham korxonamizga, ishchilarimizga, butun jamiyatga foyda keltirmoqda
20:14 / 2024-02-16

Bank moliyaviy ko‘magi bilan Yevropa va Yaqin Sharq bozorlarini egallayotgan, o‘zi singari yana 150 nafar mahaliy aholining bandligini ta’minlayotgan tadbirkor ayol faoliyati – O‘zsanoatqurilishbank jurnalist va blogerlar uchun Buxoro viloyatiga press-tur tashkil etdi.

Davlatimiz rahbarining to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, eksportchi korxonalarga moliyaviy ko‘mak berishga qaratilgan ustuvor vazifalari ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zsanoatqurilishbank tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, muassasaning Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi mijozi, ip-kalavadan tayyor mato ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Kogon nur teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati ham yuqoridagi fikrimizning amaliy isbotidir.

“… ishlab chiqarishda qator muammolarga duch kelardik”

– Faoliyatimizni 2011 yil 30 nafar ishchi bilan boshlaganmiz, – deydi korxona rahbari Adolat Mahsudova. – Uskunalarimiz eskirganligi sababli ishlab chiqarishda qator muammolarga duch kelardik. Boz ustiga korxonada qulay mehnat sharoiti yaratilmaganligi bois ishchilarimiz qo‘shni qishloqlarga boshqa yumush izlab ketishga majbur bo‘lardi. 6 yil shu tarzda ish olib bordik. Oxiri bo‘lmadi!

Modernizatsiya – bu eng to‘g‘ri yechim!

Korxona oldida turgan asosiy vazifalardan biri – bu ishlab chiqarish jarayonini texnik va texnologik yangilash, so‘ngra ish o‘rinlarini kengaytirish edi. Biroq, buning uchun zarur mablag‘ va yetarli imkoniyat bo‘lmagani sabab tadbirkor O‘zsanoatqurilishbankning “Qorovulbozor” bank xizmatlari markaziga murojaat qiladi.

Biznes uchun million

Dastlabki bosqichda bank tomonidan korxonaga 1 mln. 950 ming AQSH dollari miqdorida kredit ajratiladi. Kreditning bir qismiga Turkiya va Xitoydan 24 ta to‘quv dastgohi hamda komprosser, ip yigirish va tayyor mahsulotni qadoqlash uskunalari olib kelinadi. Kreditning qolgan qismini esa korxona aylanma mablag‘larini to‘ldirishga sarflaydi. Shu tariqa loyihaning umumiy qiymati 4 mln. AQSH dollariga yetadi.

Elektr energiyasi sarfi 3 baravarga kamaydi, foyda esa…

– Xorijdan olib kelib o‘rnatilgan “yashil” texnologiyalar ham korxonamizga, ishchilarimizga, butun jamiyatga foyda keltirmoqda, – deydi Adolat Mahsudova. – Uskunalar avvalgilariga qaraganda elektr energiyasini 3 baravar kam sarf qiladi, atrof-muhitga salbiy ta’siri esa sezilmaydi. Samaradorlik ham mos ravishda shunchaga ortgan. Ayni vaqtda korxonamiz tomonidan oyiga 400-500 ming pogonometr bo‘z matosi ishlab chiqarilib, xorijga eksport qilinmoqda. Ish o‘rinlari esa 150 nafarga yetgan. Tayyor mahsulotga hozirda Italiya, Saudiya Arabistoni, Vengriya, Rossiya, Polsha va Belarus Respublikasi xaridor bo‘lib turibdi. O‘tgan yilda mazkur davlatlarga qiymati 2 mln. AQSH dollariga teng mahsulot eksport qildik. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 4-4,5 mln. dollarga yetkazishni rejalashtirganmiz.

Inson qadri uchun!

– Xom ashyomiz paxta bo‘lganligi sababli ishchilarimizni chang va boshqa zararli moddalardan asrash, ishlab chiqarish jarayonining ular salomatligiga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida bank krediti evaziga Belgiyadan havoni tozalovchi va namlantiruvchi maxsus ventilyatsiya uskunasini ham olib keldik, – deydi Adolat Mahsudova. – Zamonaviy uskuna korxonamiz faoliyatining atrof-muhitga zararini kamaytirmoqda, sexda yozda salqin, qishda issiq haroratni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Press-tur dasturiga muvofiq, O‘zsanoatqurilishbank Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani ham o‘tkazildi.

Unda jurnalist va blogerlar muassasadagi transformatsiya jarayonlari mahsuli, xususan, xizmat ko‘rsatish hamda xizmat va mahsulotlardagi o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishtirildi. Bankning 2023 yilgi faoliyati, 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi va undagi ustuvor vaziflar xususida ma’lumotga ega bo‘ldi.

Bank Axborot xizmati