Surxondaryolik salohiyatli tadbirkor, O‘zLiDePdan xalq deputatlari viloyat kengashiga saylangan deputat Jamshid Pardayev Oltinsoy tumanidagi Qumpaykal mahallasida asfalt ishlab chiqarish korxonasini qurib, ishga tushirdi.
Tumanda hozircha yagona bo‘lgan “Asfalt Beton Kapital Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatining yangi korxonasini barpo etish uchun uch million dollar evaziga xorijning zamonaviy uskunalari keltirib o‘rnatildi.


– Tadbirkor Jamshid Pardayev yangi-yangi tashabbuslarni ilgari suradigan faol va saxovatpesha deputamiz, – deydi O‘zLiDeP viloyat kengashi raisi Alisher Ro‘ziyev. – U o‘tgan yil o‘zi ta’lim olgan 48-maktabning 630 o‘rinli yangi binosini qurib, foydalanishga topshirgan edi. Ta’lim muassasasining muhtasham binosida o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun barcha zamonaviy sharoitni yaratdi. Intellektual sinfxonalar, sport zal, mini o‘yingoh, kutubxona, majlislar zali, kompyuter sinfxonalari, oshxona barpo etib, barcha sinfxonalarni elektron doska bilan jihozladi. Yangi asfalt ishlab chiqarish korxonasida tayyorlangan dastlabki mahsulotni ham o‘zi tug‘ilib, o‘sgan va mahalliy kengashga deputat etib saylangan mahallaning 4 kilometr yo‘liga to‘shab, oqsoqollarning duosini oldi.


Ayni paytda 35 kishi mehnat qilayotgan yangi korxonada ishlab chiqarish jarayonlari zamonaviy kompyuter yordamida boshqarilib, tayyorlanayotgan mahsulot sifati kuzatib turiladi. Korxona bir soatda 140 tonna asfalt ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri