French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Tadbirkor va yoshlar”: mahorat darsi o‘tkazildi
12:04 / 2026-02-26

OʻzLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi “Yoshlar qanoti” tomonidan talaba yoshlar uchun “Tadbirkor va yoshlar” loyihasi doirasida navbatdagi amaliy mahorat darsi tashkil etildi.

Tadbir partiyaning yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ularning tashabbus va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda o‘tkazildi. Mahorat darsi yosh tadbirkor, “Grand House”, “Asil Jihaz”, “Vivo Mebel”, “Milano Mebel” hamda “Ashil Dasturxon Mebel” kabi loyihalar asoschisi Dauletbay Gulimbetovning ishlab chiqarish ustaxonasida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirkor o‘z faoliyatini kichik ustaxonadan boshlab, kreativ fikrlash, bozor talabini chuqur tahlil qilish va zamonaviy yondashuvlar asosida qisqa vaqt ichida bir nechta muvaffaqiyatli brend loyihalarni yo‘lga qo‘ydi. Bugungi kunda u o‘n nafar yoshning doimiy bandligini ta’minlab, ularning kasbiy rivojlanishiga hissa qo‘shmoqda.

Ayniqsa, uning faoliyatida milliy an’analarni zamonaviy dizayn yechimlari bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bozorda kam uchraydigan, hatto, internet platformalarida ham mavjud bo‘lmagan dizayn yechimlarini yaratish orqali mahsulotlariga yuqori talab shakllantirishga erishgan. Onlayn savdo tizimi orqali mamlakatimizning turli hududlariga yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgani esa raqamli iqtisodiyot imkoniyatlaridan samarali foydalanilayotganini ko‘rsatadi.

Mahorat darsi jarayonida Qoraqalpoq davlat universiteti fizika fakulteti talaba yoshlari ishlab chiqarish jarayoni, dizayn yaratish bosqichlari, mijozlar bilan ishlash, onlayn marketing va brendni rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy bilimlarga ega bo‘ldilar. Yosh tadbirkor kreativ g‘oyani muvaffaqiyatli biznesga aylantirish, qiyinchiliklarni yengib o‘tish va raqobatbardosh bo‘lish borasida o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

OʻzLiDeP “Yoshlar qanoti” bundan buyon ham “Tadbirkor va yoshlar” kabi amaliy loyihalar orqali yoshlarning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni muvaffaqiyatli tadbirkorlar bilan bog‘lash va innovatsion g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashishni izchil davom ettiradi. Zero, kuchli tadbirkor kuchli iqtisodiyot, faol yoshlar esa mamlakat taraqqiyotining mustahkam tayanchidir.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.