Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkor va yirik korxona o‘rtasidagi shartnomaviy kelishmovchilik bartaraf etildi
15:05 / 2026-02-20

Navoiy viloyatida faoliyat yurituvchi “P.A.” MCHJ hamda “Navoiyuran” davlat korxonasi o‘rtasida yuzaga kelgan shartnomaviy kelishmovchilik tadbirkor manfaati yo‘lida hal etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, tomonlar o‘rtasida Zafarobod qo‘rg‘oni hududida sug‘orish tizimini barpo etish bo‘yicha qiymati 2,7 milliard so‘mlik shartnoma imzolangan. Shartnoma shartlariga ko‘ra, buyurtmachi ishlarni boshlash uchun umumiy qiymatning 30 foizi – 824 million so‘m miqdorida oldindan to‘lov (avans) amalga oshirishi lozim edi.

Biroq tadbirkor bilan ilgari hamkorlik qilinmagani hamda kelgusida iqtisodiy huquqbuzarliklar kelib chiqishining oldini olish zarurati sababli to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagan. Natijada pudratchi korxona ishlarni boshlashda moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan va o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, qurilish pudrati shartnomasiga ko‘ra, pudratchi belgilangan muddatda muayyan ob’ektni qurish yoki boshqa qurilish ishlarini bajarish majburiyatini oladi. Buyurtmachi esa ishlarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoit yaratishi, bajarilgan ishni qabul qilishi va kelishilgan haqni o‘z vaqtida to‘lashi shart.

Murojaatni o‘rganish jarayonida Biznes-ombudsman tomonidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rildi. Olib borilgan ishlarning natijasida 824 million so‘m miqdoridagi mablag‘ jamiyat hisob raqamiga o‘tkazib berilishi ta’minlandi.

Shu tariqa, tadbirkorning murojaati ijobiy hal etilib, tomonlar o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlar qonunchilik talablari asosida tiklandi. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri